Forish tumaniga xorijiy sayyohlarning tashrifi ortmoqda
2024-11-21 09:00:00 / Yangiliklar
Bugungi kunda Forish tumanida sayyohlarning dam olishlari uchun 31 ta joylashtirish vositalari, 9 ta xostel, 4 ta kemping, 17 ta oilaviy mehmonxona uylari va o‘tovlar tashkil etilgan bo‘lib, ularda sayyohlar uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan.
Kuz kelishi bilan Forish tumaniga xorijiy sayyohlarning kelishi ko‘paymoqda.Albatta, har bir faslning o‘ziga yarasha gashti va tarovati bor. Kuz o‘lkamizda xorijlik sayyohlar uchun eng qulay vaqt. Yoz haddan tashqari issiq, qishda sharoitlari yetarli mehmonxonalar endi-endi ko‘paymoqda.
Shu sababli oltin kuzda sayyohatchilar oqimi anchayin oshib qoladi.
Forish tumanidagi “O‘xum” va “Do‘stlik” mahallalarining O‘xum, Asraf, Majrum qishloqlari turoperatorlarni uyaltirmaydigan joylar. Bu qishloqlarning so‘lim tabiati har qanday xorijliklarni o‘ziga tortib, maftun etadi.
Ushbu qishloqlar aholisi xorijiy sayyohlarga risoladagidek xizmat ko‘rsatishni o‘rganib olishgan. Shu sababli tog‘larda oltin kuz go‘zalligini ko‘rishga keluvchi xorijiy sayyohlar soni ko‘payib borayapti.
Sayyohatchilar otda sayr qilish, xayking kabi ko‘ngilochar mashg‘ulotlar bilan shug‘ullanishmoqda.
“Yaxshigul Asraf” va “Shodmon Guest house” oilaviy mehmon uylariga tashrif buyurgan yevropalik sayyohlar buni chin dildan e’tirof etishdi.