Oʻzbekistonda buxgalteriya hisobi va audit sohalarining xalqaro standartlarga muvofiqligi baholanmoqda
2025-01-27 14:10:00 / Vazirlik yangiliklari

Joriy yilning 23-yanvar kuni Oʻzbekiston Respublikasida Buxgalteriya hisobi va audit standartlari hamda qoidalariga rioya etilishi toʻgʻrisidagi hisobot (AA ROSC) jarayonlariga bagʻishlangan uchrashuv oʻtkazildi. Mazkur uchrashuv Iqtisodiyot va moliya vazirligi Buxgalteriya hisobi va audit uslubiyoti boshqarmasi boshlig‘i Otabek Barakayev hamda vazirlikning bir qator mutaxassislari, Jahon bankidan Moliyaviy boshqaruv bo‘yicha katta mutaxassis Andrey Busuyok, shuningdek, bankning qator xodimlari, Markaziy bank, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Istiqbolli loyihalar milliy agentligi hamda boshqa davlat va jamoat tashkilotlarining masʼul xodimlari ishtirokida, VKS shaklida boʻlib oʻtdi.
Uchrashuv AA ROSC baholashlari doirasida oʻtkazilib, uning maqsadi — Oʻzbekistonning buxgalteriya hisobi va audit tizimini rivojlantirish, xalqaro standartlarga muvofiqligini oshirish hamda bu sohadagi institutsional bazani takomillashtirishga yoʻnaltirilgan.
Maʼulmot uchun: AA ROSC (“Report on the Observance of Standards and Codes Accounting and Auditing”) baholashlari Jahon banki tomonidan 121 dan ortiq mamlakatlarda oʻtkazilgan xalqaro miqyosdagi tahlil jarayoni boʻlib, bu Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari (MHXS, IFRS) va Auditning xalqaro standartlariga (AXS, ISA) oʻtish holatini baholash, xalqaro talablar asosida moliyaviy hisobot tizimini takomillashtirishga xizmat qiladi.
Uchrashuvda ROSC baholashining xalqaro ahamiyati va yangi qoʻllanma asosida baholash jarayonlari, buxgalteriya hisobi va audit sohalarini xalqaro MHXS hamda AXS standartlariga muvofiqligini baholash, buxgalteriya hisobi va audit sohasi boʻyicha mavjud huquqiy hamda institutsional bazani takomillashtirishga oid takliflar muhokama qilindi.
Uchrashuv davomida baholash jarayonida qoʻllanadigan 7 ta indikator, 15 ta sub-indikator va ularning baholash mezonlari haqida batafsil maʼlumot berildi. Bu indikatorlar moliyaviy hisobot talablari, nazorat mexanizmlari, malaka va oʻquv tizimlarini baholashda muhim vosita sifatida xizmat qiladi.
Shuningdek, Jahon banki vakillari tomonidan AA ROSC baholashlarini oʻtkazish uchun soʻrovnomalar tayyorlanib, tegishli tashkilotlarga taqdim etildi. Hisobotning dastlabki natijalari 2025-yilning aprel oyida eʼlon qilinishi rejalashtirilgan.
AA ROSC baholashining yakuniy hisobotlari Oʻzbekistonning buxgalteriya hisobi va audit sohalarini takomillashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bilan birga, bu hisobot buxgalteriya hisobi va audit sohalarida shaffoflikni oshirish, barqaror rivojlanishni taʼminlash hamda sohani xalqaro talablar asosida isloh qilish uchun dasturiy yoʻnalishlarni belgilashda muhim ahamiyatga ega.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi
Axborot xizmati

