18-noyabr – Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻi qabul qilingan kun
2024-11-18 / Voqealar taqvimi
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi 1991-yil 18-noyabrda qabul qilingan. U yurtimiz sarhadida qadimda mavjud boʻlgan davlatlar bilan tarixan bogʻliqlikni anglatadi hamda respublikaning milliy-madaniy anʼanalarini oʻzida mujassamlashtiradi.
Bayroqdagi moviy rang – tiriklik mazmuni aks etgan mangu osmon va obi-hayot ramzi. Timsollar tilida bu yaxshilik, donishmandlik, halollikni, shon-shuhrat va sadoqatni bildiradi. Binobarin, Sohibqiron Amir Temur davlati bayrogʻining rangi ham moviy edi.
Bayroqdagi oq rang – muqaddas tinchlik ramzi boʻlib, u kun charogʻonligi va koinot yoritqichlari bilan uygʻunlashib ketadi. Oq – poklik, begʻuborlik, soflik, orzu va xayollar tozaligi, ichki goʻzallikka intilish timsoli.
Yashil rang – tabiatning yangilanish ramzi. U koʻpgina xalqlarda navqironlik, umid va shodumonlik timsoli hisoblanadi.
Qizil chiziqlar – vujudimizda joʻshib oqayotgan hayotiy qudrat irmoqlarini anglatadi.
Navqiron yarim oy tasviri bizning tarixiy anʼanalarimiz bilan bogʻliq. Ayni paytda u qoʻlga kiritilgan mustaqilligimiz ramzi ham.
Yulduzlar barcha uchun ruhoniy, ilohiy tismol sanalgan. Davlat bayrogʻimizdagi 12 yulduz tasviri ham tarixiy anʼanalarimiz, qadimgi yilnomamizga bevosita aloqador. Bizning oʻn ikki yulduzga boʻlgan eʼtiborimiz Oʻzbekiston sarhadidagi qadimgi davlatlar ilmiy tafakkurida nujum ilmi taraqqiy etganligi bilan ham izohlanadi.
Davlat bayrogʻimizdagi 12 yulduz tasvirini oʻzbek xalqi madaniyatining qadimiyligi, uning komillikka, oʻz tuprogʻida saodatga intilishi ramzi sifatida tushunish lozim.