Vazirlik tasarrufidagi o'quv muassasalari
Oʻzbekiston Respublikasi IIV Akademiyasi
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Akademiyasini tashkil etish toʻgʻrisida” 1994-yil 2-sentyabrdagi 447-son qarori bilan Ichki ishlar vazirligi tasarrufidagi oliy va oʻrta maxsus maktablari negizida Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi tashkil etilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi IIV Akademiyasi kunduzgi taʼlim shaklida (bundan buyon Akademiya) oʻqish muddati 3-yil boʻlib, bitiruvchilarga bakalavr (yurist malakasi) darajasi hamda “leytenant” maxsus unvoni beriladi.
Akademiyada “Tezkor-qidiruv faoliyati”, “Huquqbuzarliklar profilaktikasi faoliyati”, “Ekspert-kriminalistika faoliyati”, “Jazoni ijro etish faoliyati”, “Probatsiya faoliyati”, “Xizmat faoliyatini tarbiyaviy-psixologik taʼminlash” va “Tashkiliy-shtab faoliyati” mutaxassisliklari boʻyicha kadrlar tayyorlanadi.
Qabul qilish tartibi:
Akademiyaga oʻqishga qabul qilish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 1-dekabrdagi 958-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasining kunduzgi taʼlim shakliga nomzodlarni tanlash va oʻqishga qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga asosan amalga oshiriladi.
Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishga munosib hissa qoʻshgan, xizmat yoki ilmiy faoliyatida yuqori natijalarga erishgan ichki ishlar organlari amaldagi xodimlarining farzandlariga Akademiyaga kirish uchun kursantlarni qabul qilishning umumiy sonidan besh foizli kvota ajratiladi.
Mamlakatning mudofaa qudratini mustahkamlashga salmoqli hissa qoʻshgan, xizmatdagi harbiy va ilmiy faoliyatda maʼlum bir natijalarga erishgan Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tarkibiga kiruvchi vazirlik va idoralarning xizmatdagi ofitserlari, kontrakt boʻyicha xizmat qilayotgan serjantlar va oddiy askarlar tarkibidagi harbiy xizmatchilarning farzandlari uchun Akademiyaga oʻqishga qabul qilish uchun belgilangan umumiy qabul sonidan (ikkinchi va undan keyingi oliy taʼlimdan tashqari) besh foizli kvota, Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining xizmatdagi harbiy xizmatchi va xodimlarining farzandlari uchun ikki foizli kvota ajratiladi.
Bojxona xizmatiga salmoqli hissa qoʻshgan, xizmat jarayonida maʼlum bir natijalarga erishgan bojxona organlarining xizmatdagi ofitserlari va serjantlar tarkibi xodimlari farzandlari uchun Akademiyaga kunduzgi taʼlim shakliga belgilangan umumiy qabul sonidan ikki foizli kvota ajratiladi.
“Toʻmaris izdoshlari” jamoaviy guruhlari aʼzolariga Akademiyaga kirish uchun kursantlarni qabul qilishning umumiy sonidan ikki foizli kvota ajratiladi.
Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishga munosib hissa qoʻshgan profilaktika (katta) inspektorlarining jamoat tartibini saqlash boʻyicha yordamchilariga Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti boshligʻining tavsiyasiga asosan Akademiyaga kvota asosida oʻqishga kirish huquqi beriladi. Bunda oʻqishga qabul qilish dastlabki va kasbiy tanlov natijalariga asosan Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri tomonidan har yili belgilanadigan kvotalarga muvofiq amalga oshiriladi.
Akademiyaga yoshi oʻn yettidan kichik (qabul yilida oʻn yetti yoshga toʻladiganlar) va yigirma beshdan katta boʻlmagan, shu jumladan, yigirma besh yoshdagi umumiy oʻrta, oʻrta maxsus va professional maʼlumotga ega Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari tanlov asosida oʻqishga qabul qilinadi.
Bunda faqat Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining akademik litseylari va harbiy akademik litseylar bitiruvchilari, ichki ishlar organlarining xodimlari va harbiy xizmatchilari, shuningdek, profilaktika (katta) inspektorlarining jamoat tartibini saqlash boʻyicha yordamchilari qabul kvotasining toʻqson foizi boʻyicha qabul qilinadi.
Akademiyaga oʻqishga kirish uchun nomzodlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 29-noyabrdagi PQ-3413-son qarori bilan tasdiqlangan “Ichki ishlar organlarida xizmatni oʻtash tartibi toʻgʻrisidagi nizom”da belgilangan talablarga javob berishi zarur.
IIV Akademiyaga oʻqishga qabul qilish quyidagi bosqichlarda tashkil etiladi:
- dastlabki tanlov;
- maxsus kasbiy tanlov;
- yakka tartibdagi yakuniy suhbat.
Nomzodlar sinovlarni oʻzbek yoki rus tillaridan birini tanlagan holda topshiradilar.
Akademiyaga nomzodlarni tanlash va oʻqishga qabul qilish uchun Ichki ishlar vazirligi va Akademiyaning rasmiy veb-sayti hamda ommaviy axborot vositalari orqali tanlov eʼlon qilinadi. Unda ariza qabul qilinadigan manzil, tanlovni oʻtkazish muddatlari va joyi, oʻqishga qabul qilish shartlari hamda tanlovni oʻtkazish bilan bogʻliq boshqa maʼlumotlar aks ettiriladi.
Dastlabki tanlov:
- nomzodga tegishli hujjatlarni va uni tavsiflovchi maʼlumotlarni toʻplash, nomzod toʻgʻrisidagi turli maʼlumotlarni aniqlash (oilaviy ahvoli, ota-onalari va yaqin qarindoshlarining ichki ishlar organlaridagi xizmatga munosabati va shu kabilar);
- nomzodning sogʻligʻi jihatidan oʻqishga yaroqliligini aniqlash.
- vazirlik akademik litseylari bitiruvchilari hamda fuqarolar uchun — ularning doimiy yashash joyidagi tegishli ichki ishlar organlarida;
- harbiy akademik litseylar bitiruvchilari uchun — (hujjatlarni toʻplash va oʻrganish tadbirlari) ularning doimiy yashash joyidagi tegishli ichki ishlar organlarida va (tibbiy koʻrikdan oʻtkazish tadbirlari) harbiy akademik litsey joylashgan hududdagi ichki ishlar organlarida;
- ichki ishlar organlari xodimlari va harbiy xizmatchilari uchun — ularning xizmat joyi va harbiy qismlarda (muassasalarda).
Akademiyaga oʻqishga kirish uchun nomzodlarning arizalari qabul yilidan oldingi yilning 15-noyabridan qabul yilining 15-fevraliga qadar qabul qilinadi.
Nomzodlar Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar organlarida tibbiy tekshiruvni tashkil etish va harbiy-tibbiy ekspertizani oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida nizomni tasdiqlash toʻgʻrisida” 2017-yil 26-sentyabrdagi 764-son qaroriga muvofiq vazirlik va ichki ishlar organlarida maxsus tashkil etiladigan harbiy-tibbiy komissiyalar tomonidan tibbiy koʻrikdan oʻtkaziladi.
Maxsus kasbiy tanlov:
- hujjatlarni oʻrganish;
- tibbiy koʻrikdan oʻtkazish;
- umumjismoniy tayyorgarlik darajasini baholash;
- yozma ish (bayon yoki insho);
- chet tillarini oʻzlashtirganlik darajasini baholash.
“Ekspert-kriminalistika faoliyati” yoʻnalishi boʻyicha maxsus kasbiy tanlov quyidagi tadbirlarni oʻz ichiga oladi:
- hujjatlarni oʻrganish;
- tibbiy koʻrikdan oʻtkazish;
- umumjismoniy tayyorgarlik darajasini baholash;
- kimyo va fizika (ogʻzaki);
-matematika (test) fanini oʻzlashtirganlik darajasini baholash.
Yozma ish, umumjismoniy tayyorgarlik va chet tillarini oʻzlashtirganlik darajalarini baholash, “Ekspert-kriminalistika faoliyati” yoʻnalishida umumjismoniy tayyorgarlik, matematika, kimyo va fizika fanlari boʻyicha toʻplanishi mumkin boʻlgan eng yuqori ballning
50 foizidan kam ball toʻplagan nomzod Qabul komissiyasining qaroriga koʻra yakka tartibdagi yakuniy suhbatga qoʻyilmaydi.
Yakka tartibdagi yakuniy suhbat:
Yakka tartibdagi yakuniy suhbatning asosiy maqsadi huquqshunoslik, Oʻzbekiston tarixi va tarbiya fanlari boʻyicha nomzodlarning bilimlarini har tomonlama va xolisona baholashdan iborat.
Yakka tartibdagi yakuniy suhbat Qabul komissiyasi tomonidan kollegiallik prinsipi asosida har bir fan boʻyicha kamida bir nafardan malakali mutaxassis jalb etilgan holda oʻtkaziladi.
Nomzodlarga beriladigan savollar umumiy oʻrta, oʻrta maxsus va professional taʼlim fanlarining oʻquv dasturlariga muvofiq ishlab chiqiladi.
Nomzodlarga beriladigan imtiyozlar
1) Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan beriladigan chet tilini bilish darajasi toʻgʻrisidagi sertifikat yoki xalqaro sertifikatning quyidagi darajalariga ega boʻlgan nomzodlarga chet tili fanidan imtihonsiz belgilangan maksimal ball beriladi:
ingliz tili uchun — milliy sertifikat yoki International English Language Testing System (IELTS 5,5), Test of English as a Foreign Language (TOEFL IBT 72), Cambridge Assessment English FCE xalqaro imtihon tizimlari boʻyicha tilni bilish darajalari V2 va undan yuqori;
yapon tili uchun — milliy sertifikat yoki Japanese Language Proficiency Test (JLPT № 2) xalqaro imtihon tizimlari boʻyicha tilni bilish darajalari V2 va undan yuqori;
nemis tili uchun — milliy sertifikat yoki Goethe-Zertifikat, Deutsches Sprachdiplom (DSD), Test Deutsch als Fremdsprache (Test DAF) xalqaro imtihon tizimlari boʻyicha tilni bilish darajalari V2 va undan yuqori;
fransuz tili uchun — milliy sertifikat yoki Diplôme dʻEtudes en Langue Française (DELF), Test de Connaissance du Française (TCF) xalqaro imtihon tizimlari boʻyicha tilni bilish darajalari V2 va undan yuqori;
boshqa xorijiy tillar uchun — milliy sertifikat yoki xalqaro imtihon tizimlari boʻyicha tilni bilish darajalari B2 va undan yuqori;
2) Quyidagilar ajratilgan qabul kvotalaridan tashqari dastlabki va maxsus kasbiy tanlovda yozma ish, umumjismoniy tayyorgarlik va chet tillarini oʻzlashtirganlik darajalarini baholash, “Ekspert-kriminalistika faoliyati” yoʻnalishida umumjismoniy tayyorgarlik, matematika, kimyo va fizika fanlari boʻyicha toʻplanishi mumkin boʻlgan eng yuqori ballning 50 foizidan koʻp ball toʻplaganda (keyingi oʻrinlarda — muvaffaqiyatli oʻtgandan soʻng deb ataladi) tegishli vazirliklar va idoralarning tavsiyanomalari (taqdimnomalari) asosida Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish boʻyicha davlat komissiyasining qarori bilan yakka tartibdagi yakuniy suhbatsiz oʻqishga qabul qilinadilar:
terrorizm va jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda jamoat xavfsizligini taʼminlash chogʻida halok boʻlgan yoki olgan jarohati tufayli nogiron boʻlib qolgan ichki ishlar organlari xodimlarining farzandlari;
harbiy xizmat majburiyatini (xizmat majburiyatini) bajarish chogʻida halok boʻlgan yoki harbiy xizmat majburiyatini (xizmat majburiyatini) bajarish chogʻida olgan jarohati tufayli nogiron boʻlib qolgan Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tarkibiga kiruvchi vazirliklar va idoralarning ofitserlari, kontrakt boʻyicha serjantlari va oddiy askarlarining (Milliy gvardiya va bojxona organlari xodimlarining) farzandlari.
3) Ichki ishlar organlari xodimlarining farzandlari ajratilgan besh foizli, Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tarkibiga kiruvchi vazirlik va idoralar harbiy xizmatchilarining farzandlari ajratilgan besh foizli va Milliy gvardiya hamda bojxona organlari xodimlarining farzandlari ajratilgan ikki foizli, profilaktika (katta) inspektorlarining jamoat tartibini saqlash boʻyicha yordamchilari Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri tomonidan har yili belgilanadigan kvotalar doirasida maxsus kasbiy tanlovdan muvaffaqiyatli oʻtgandan soʻng vazirliklar va idoralarning tavsiyanomalari (taqdimnomalari) asosida oʻrinlar maxsus kasbiy tanlov natijalari boʻyicha toʻplangan ballardan kelib chiqib, ketma-ketlik tartibida taqsimlangan holda oʻqishga qabul qilinadi.
Ajratilgan kvota oʻrinlariga qabul qilinmagan nomzodlar maxsus kasbiy tanlov natijalari boʻyicha toʻplagan ballari bilan umumiy tartibda tanlovda ishtirok etadilar.
4) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Iqtidorli yoshlarni aniqlash va yuqori malakali kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2019-yil 3-maydagi PQ-4306-son qarori hamda Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 9-sentyabrdagi 562-son qarori bilan tasdiqlangan Umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlari, akademik litsey va kasb-hunar maktablari oʻquvchilari oʻrtasida fan olimpiadalarini tashkil etish, oʻtkazish hamda xalqaro olimpiadalar ishtirokchilarini saralash va gʻoliblarni ragʻbatlantirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq xalqaro va respublika olimpiadalari gʻoliblari, “Mard oʻgʻlon” davlat mukofoti sohiblari, shuningdek, vazirlik akademik litseylarining huquqshunoslik fani boʻyicha idoraviy fan olimpiadasi gʻoliblari dastlabki va maxsus kasbiy tanlovdan muvaffaqiyatli oʻtgandan soʻng Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish boʻyicha Davlat komissiyasining qaroriga koʻra, belgilangan qabul kvotalari doirasida oʻqishga yakka tartibdagi yakuniy suhbatsiz qabul qilinadilar.
Akademiyaga oʻqishga qabul qilish
Nomzodlar maxsus kasbiy tanlov va yakka tartibdagi yakuniy suhbat natijalari asosida Akademiyaga oʻqishga qabul qilinadi.
Akademiyaga oʻqishga kirgan nomzodlar kursantlar safiga qabul qilinadi.
Oʻzbekiston Respublikasi IIV Akademik litseylari
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Ichki ishlar organlari xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 16-avgustdagi PQ-3216-son qaroriga asosan Ichki ishlar vazirligining 14 ta akademik litseyi tashkil etildi:
IIVning Qoraqalpoq akademik litseyi (Nukus sh.);
IIVning Andijon akademik litseyi (Andijon sh.);
IIVning Buxoro akademik litseyi (Buxoro sh.);
IIVning Jizzax akademik litseyi (Jizzax sh.);
IIVning Qashqadaryo akademik litseyi (Qarshi sh.);
IIVning Navoiy akademik litseyi (Navoiy sh.);
IIVning Namangan akademik litseyi (Namangan sh.);
IIVning Samarqand akademik litseyi (Samarqand sh.);
IIVning Sirdaryo akademik litseyi (Guliston sh.);
IIVning Surxondaryo akademik litseyi (Jarqoʻrgʻon t.);
IIVning 1-son Toshkent akademik litseyi (Toshkent sh.);
IIVning 2-son Toshkent akademik litseyi (Qibray t.);
IIVning Fargʻona akademik litseyi (Fargʻona sh.);
IIVning Xorazm akademik litseyi (Urganch sh.).
Akademik litseylarda asosiy eʼtibor oʻquvchilarni ichki ishlar organlari xodimlari uchun zarur boʻlgan yuksak vatanparvarlik va maʼnaviy-axloqiy fazilatlarga, dastlabki kasbiy bilim va koʻnikmalarga ega aqlan va jismonan yetuk etib tarbiyalashga va Ichki ishlar vazirligining oliy taʼlim muassasalariga kirishlari uchun maqsadli chuqur tayyorlashga qaratiladi.
Qabul qilish tartibi:
IIV akademik litseylariga oʻqishga qabul qilish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 26-sentyabrdagi
767-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi akademik litseylariga oʻquvchilarni qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga asosan amalga oshiriladi.
IIV akademik litseylariga umumtaʼlim muassasalarining
9-sinfini tamomlaganligi toʻgʻrisida shahodatnomaga ega boʻlgan, sogʻligʻi jihatidan oʻqishga yaroqli deb topilgan, dastlabki, maxsus-professional tanlov va test sinovlaridan muvaffaqiyatli oʻtgan nomzodlar oʻqishga qabul qilinadi.
Arizalar qabul yilining 1-fevralidan 15-apreliga qadar qabul qilinadi.
Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashga munosib hissa qoʻshgan, xizmat yoki ilmiy faoliyatida yuqori natijalarga erishgan ichki ishlar organlarining amaldagi xodimlari farzandlariga IIV akademik litseylariga kirish uchun oʻquvchilarni qabul qilishning umumiy sonidan besh foizli kvota ajratiladi.
IIV akademik litseylariga oʻqishga qabul qilish quyidagi bosqichlarda amalga oshiriladi:
- dastlabki tanlov;
- maxsus-professional tanlov;
- test sinovi.
Dastlabki tanlov:
- IIV akademik litseylariga oʻqishga kirish istagini bildirgan nomzodlar tomonidan taqdim etilgan hujjatlarni oʻrganish;
- yakka tartibda dastlabki suhbat oʻtkazish;
- nomzodlarning individual-psixologik xususiyatlarini oʻrganish;
- tibbiy komissiya koʻrigidan oʻtkazish.
Nomzodlar yashash joyi boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, viloyatlar sogʻliqni saqlash boshqarmalari va Toshkent shahar sogʻliqni saqlash bosh boshqarmasi tomonidan tashkil etiladigan tibbiy komissiya koʻrigidan oʻtadi.
Nomzodlarga quyidagi hollarda rad javobi beriladi:
- nomzod Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlmasa;
- nomzod belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan boʻlsa;
- nomzodning sudlanganlik holati tugallanmagan yoki sudlanganlik holati olib tashlanmagan boʻlsa;
- nomzodga nisbatan jinoyat ishi, surishtiruv va dastlabki tergov ishlari yuritilganda, sudda jinoyat ishi koʻrib chiqilayotgan boʻlsa;
- yashash joyidan, ichki ishlar boʻlimlaridan salbiy tavsiyanomalar taqdim etilganda.
Maxsus-professional tanlov:
- nomzodning orfografik va punktuatsion savodxonlik darajasini aniqlash boʻyicha sinov oʻtkazish;
- nomzodlarning jismoniy tayyorgarlik darajasini aniqlash boʻyicha sinov oʻtkazish;
- yakka tartibdagi yakuniy suhbat oʻtkazish.
Nomzodlarning orfografik va punktuatsion savodxonlik darajasini aniqlash uchun oʻtkaziladigan sinovda ulardan yozma ish (diktant) olinadi.
Yozma ish (diktant) oʻtkazish tartibi, metodikasi va baholash mezonlari Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi.
Nomzodlarning jismoniy tayyorgarlik darajasini aniqlash boʻyicha sinov qabul komissiyasi tomonidan tegishli mutaxassislar jalb etilgan holda oʻtkaziladi.
Nomzodlarning jismoniy tayyorgarlik darajasini aniqlash boʻyicha sinov oʻtkazish tartibi, metodikasi va baholash mezonlari Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi.
Yakka tartibdagi yakuniy suhbat qabul komissiyasi tomonidan nomzodning respublikada amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun mohiyatini anglashi, keng dunyoqarashga va intellektual salohiyatga egaligi, yetakchilik sifatlari rivojlanganligi, bilimi, aqliy qobiliyati va boshqa muhim kasbiy fazilatlarini aniqlash maqsadida oʻtkaziladi.
Yakka tartibdagi yakuniy suhbatni oʻtkazish tartibi, metodikasi va baholash mezonlari Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi.
Nomzodlarning test sinovlarini topshirishga qoʻyish masalasi maxsus-professional tanlov natijalari boʻyicha uzil-kesil hal etiladi.
Test sinovlari
Test sinovlari belgilangan tartib asosida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga qabul qilish boʻyicha Davlat komissiyasi belgilagan muddatlarda oʻtkaziladi.
Test sinovlari oʻtkaziladigan umumtaʼlim fanlari bloki Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga qabul qilish boʻyicha Davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi.
Nomzodlar test sinovlarini oʻzlarining tanlovi boʻyicha uchta: davlat tili, rus tili va qoraqalpoq tilining birida topshiradilar.
Nomzodlarga beriladigan imtiyozlar
IIV akademik litseyiga Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga qabul qilish boʻyicha Davlat komissiyasining qaroriga muvofiq, dastlabki va maxsus-professional tanlov natijalariga javob beradigan quyidagi nomzodlar test sinovlarisiz imtiyoz asosida qabul qilinadi:
A) ixtisoslik fanlari boʻyicha xalqaro olimpiadalarda oxirgi uch yil (qabul yili va undan oldingi ikki yil), respublika fan olimpiadalarida oxirgi bir yil (qabul yili va undan oldingi yil), Oʻzbekiston Respublikasi Turizm va sport vazirligi tomonidan oʻtkaziladigan musobaqalarning respublika bosqichida oxirgi bir yil (qabul yili va undan oldingi yil) davomida gʻolib boʻlgan nomzodlar;
B) oʻz xizmat vazifalarini bajarish chogʻida halok boʻlgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining farzandlari.
V) terrorizm va jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda jamoat xavfsizligini taʼminlash chogʻida halok boʻlgan yoki olgan jarohati tufayli nogiron boʻlib qolgan ichki ishlar organlari xodimlarining farzandlari qabul kvotalaridan tashqari, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashga munosib hissa qoʻshgan, xizmat yoki ilmiy faoliyatida yuqori natijalarga erishgan ichki ishlar organlarining amaldagi xodimlari farzandlari ajratilgan besh foizli kvotalar doirasida Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining taqdimnomasi asosida.
Ajratilgan besh foizli qabul kvotalariga qabul qilinmagan nomzodlar maxsus-professional tanlov natijalari boʻyicha toʻplagan ballari bilan umumiy tartibda tanlovda ishtirok etadilar.
G) Oʻzbekiston Respublikasi IIV ixtisoslashtirilgan maktab-internatining dastlabki tanlov natijalariga javob beradigan bitiruvchilari doimiy yashash manzili boʻyicha maxsus-professional tanlov va test sinovlarisiz imtiyoz asosida qabul qilinadi.
Ichki ishlar organlari amaldagi xodimlarining farzandlarini ajratilgan besh foizli kvotalar doirasida IIV akademik litseyiga qabul qilishda oʻrinlar maxsus-professional tanlov natijalari boʻyicha toʻplangan ballardan kelib chiqib ketma-ketlik tartibida taqsimlanadi.
Qabul qilish tartibi
IIV akademik litseylariga qabul Ichki ishlar vaziri tomonidan ichki ishlar organlarining ehtiyojini inobatga olgan holda belgilanadigan kvotalar asosida amalga oshiriladi.
Nomzodlarni IIV akademik litseyining oʻquvchilari safiga qabul qilish test sinovi natijalariga asosan amalga oshiriladi.
Bir nechta nomzodning oʻtish reyting ballari teng boʻlgan holatlarda ular IIV akademik litseylariga belgilangan kvotadan tashqari qabul qilinadi.
Oʻzbekiston Respublikasi IIV Ixtisoslashtirilgan maktab-internati
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 19-iyundagi 459-son “Ichki ishlar vazirligining ixtisoslashtirilgan maktab-internati faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan ichki ishlar organlarining, birinchi navbatda xizmat majburiyatlarini bajarish chogʻida halok boʻlgan, shuningdek, xizmatni oʻtash davomida olgan yaradorligi, kontuziyasi, kasalligi va jarohatlanganligi oqibatida nogironlikka uchragan yoki vafot etgan harbiy xizmatchi va xodimlarining farzandlariga taʼlim va tarbiya berish hamda ularning ijtimoiy-huquqiy himoya qilinishini taʼminlash maqsadida Ichki ishlar vazirligining ixtisoslashtirilgan maktab-internati (Toshkent shahri, Uchtepa tumani) tashkil etilgan.
Maktab-internati oʻquvchilari belgilangan meʼyorlar asosida oziq-ovqat, kiyim-kechak, poyabzal, yumshoq anjomlar va boshqa zarur buyumlar bilan taʼminlanadi.
Qabul qilish tartibi:
Ixtisoslashtirilgan maktab-internatiga oʻqishga qabul qilish tartibi Ichki ishlar vazirining 2018-yil 20-oktyabrdagi 286-son buyrugʻi bilan tasdiqlangan (Adliya vazirligi tomonidan 3089-raqam bilan roʻyxatga olingan) Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining ixtisoslashtirilgan maktab-internatiga oʻquvchilarni oʻqishga qabul qilish uchun tanlovlar oʻtkazish va ularning hujjatlarini rasmiylashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga asosan amalga oshiriladi.
Maktab-internatga oʻqishga har yili umumtaʼlim muassasalarida 4-sinfni tamomlagan 100 nafar oʻquvchi qabul qilinib, oʻquvchilarning 50 foizi ichki ishlar organlari xodimlari va 50 foizi boshqa fuqarolar farzandlari (oʻgʻil bolalar) dan iborat boʻladi.
Maktab-internatga oʻqishga munosib nomzodlarni tanlab olishni tashkil etish uchun hududiy ichki ishlar boshqarmalari ishchi guruhlari tomonidan muntazam ravishda targʻibot-tashviqot ishlari olib boriladi. Targʻibot-tashviqot ishlari umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida, aholi turar joylarida va ichki ishlar organlarida uchrashuvlar oʻtkazish orqali amalga oshiriladi. Ichki ishlar vazirining buyrugʻi bilan tanlov eʼlon qilinadi va ommaviy axborot vositalarida, shuningdek, Ichki ishlar vazirligining rasmiy veb-saytida beriladi. Eʼlonda qabul qilish shartlari hamda tanlovlarni oʻtkazish muddatlari koʻrsatilishi lozim.
Farzandlari maktab-internatga oʻqishga kirish istagini bildirgan ota-onalar yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar doimiy yashash joyidagi hududiy ichki ishlar boshqarmalariga ariza bilan murojaat qiladi.
Farzandlari maktab-internatga oʻqishga kirish istagini bildirgan xodimlar bevosita ichki ishlar organlarining rahbarlariga bildirgi bilan murojaat qiladi.
Arizalar qabul yilining 15-aprelidan 1-iyun kuniga qadar qabul qilinadi.
Ishchi guruh tomonidan hujjatlar yigʻilgandan soʻng oʻquvchilar
10-iyundan 20-iyun kuniga qadar hududiy sogʻliqni saqlash muassasasida tashkil etilgan tibbiy komissiya tomonidan koʻrikdan oʻtkaziladi.
Tibbiy koʻrikdan oʻtkazishda oʻquvchining antropometrik koʻrsatkichlari (tana vazni, boʻyining uzunligi va koʻkrak qafasi aylanasi), funksional imkoniyatlari va sogʻligʻidagi mavjud nuqsonlari aniqlanadi.
Tanlov quyidagi bosqichlarda amalga oshiriladi:
hujjatlarni toʻplash va oʻrganish;
orfografik va punktuatsion savodxonlik darajasini aniqlash;
umumjismoniy tayyorgarlik darajasini aniqlash;
yakuniy test sinovlari.
Yozma ish (diktant) oʻtkazish qabul komissiyasi tarkibiga kiritilgan mutaxassislar tomonidan Ichki ishlar vazirligi tomonidan tasdiqlangan metodikaga muvofiq oʻtkaziladi.
Yozma ish (diktant) oʻtkazish boʻyicha qabul komissiyasi tarkibiga maktab-internat mutaxassislari kiritiladi, shuningdek komissiya tarkibiga umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining mutaxassislari kelishuv asosida taklif qilinishi mumkin.
Nomzodlarning umumjismoniy tayyorgarligi darajasini baholash qabul komissiyasi tarkibiga kiritilgan mutaxassislar tomonidan Ichki ishlar vazirligi tomonidan tasdiqlangan metodikaga muvofiq oʻtkaziladi.
Qabul komissiyasi tarkibidagi nomzodning umumjismoniy tayyorgarlik darajasini baholashda qabul komissiyasi tarkibiga maktab-internat va hududiy ichki ishlar organlarining jismoniy tarbiya va sport sohasidagi mutaxassislari kiritiladi. Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar siyosati va sport vazirligi tizimidan kelishuv asosida mutaxassislar taklif etilishi mumkin.
Qabul komissiyasi tomonidan yozma ish (diktant) hamda umumjismoniy tayyorgarlik darajasini aniqlash bosqichlarining natijalari boʻyicha 6 balldan kam toʻplagan nomzodlar Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan oʻtkaziladigan test sinovlariga kiritilmaydi.
Umumtaʼlim fanlari boʻyicha test sinovlari belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan Ichki ishlar vazirligi bilan kelishilgan muddatda qabul yilining 15-avgustidan 25-avgust kuniga qadar oʻtkaziladi.
Nomzodlarni umumtaʼlim fanlari boʻyicha (ona tili va adabiyot hamda matematika) bilimini baholash Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan test sinovlari asosida oʻtkaziladi.
Test sinovlari umumiy oʻrta taʼlimning davlat taʼlim standartlari doirasida oʻzbek, rus va qoraqalpoq tillarida oʻtkaziladi.
Nomzodlarga beriladigan imtiyozlar:
Jamoat tartibini saqlashda, jangovar harakatlarda, terrorchilikka qarshi operatsiyalar oʻtkazishda, favqulodda holat tartibini huquqiy taʼminlash va ularning oqibatlarini bartaraf etishda ishtirok etgan vaqtda halok boʻlgan xodimlarning farzandlari maktab-internatiga oʻqishga tanlovsiz qabul qilinadi.
Shuningdek, oʻqishga qoʻshimcha kvotaga asosan (qabul kvotasining 5 foizgacha) ota-ona yoki ota-ona oʻrnini bosuvchi shaxslar nazoratsiz va qarovsiz qolgan voyaga yetmaganlarning xulq-atvori, qobiliyati va qiziqishlarini inobatga olgan holda hududiy idoralararo komissiyaning tavsiya etgan voyaga yetmaganlar Ichki ishlar vaziri tomonidan belgilanadigan tartibda tanlovsiz qabul qilinadilar.
Oʻzbekiston Respublikasi IIV Nukus “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseyi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 28-iyundagi PQ–4375-son “Oʻsmirlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash hamda Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari va davlat xizmati uchun kadrlar zaxirasini tayyorlash tizimini takomillashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan Ichki ishlar vazirligi Nukus “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseyi (Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Nukus shahri) tashkil etildi.
Maʼlumot uchun: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 28-iyundagi PQ–4375-son qaroriga asosan Mudofaa vazirligi Fargʻona “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseyi (Fargʻona sh.), Davlat xavfsizlik xizmati Qibray “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseyi (Qibray t.), Milliy gvardiya Toshkent “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseyi (Toshkent sh.) va Favqulodda vaziyatlar vazirligi Shahrisabz “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseyi (Shahrisabz sh.) tashkil etilgan.
2020/2021 oʻquv yilidan boshlab yangi tashkil etilgan Nukus “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseyiga (keyingi oʻrinlarda “Temurbeklar maktabi”) qabul va oʻqitish boshlandi.
“Temurbeklar maktabi”da oʻqish davomiyligi 2-yil boʻlib, har biriga yillik qabul kvotasi 100 kishini tashkil etadi.
“Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseyiga oʻquvchilarni tanlash va saralash tartibi Ichki ishlar vazirligi tomonidan belgilanadi.
“Temurbeklar maktabi” bitiruvchilariga Oʻzbekiston Respublikasi oliy harbiy va harbiylashtirilgan taʼlim muassasalariga oʻqishga kirishda yakka tartibdagi yakuniy suhbat yoki Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan oʻtkaziladigan test sinovlarida oʻzlari toʻplagan ballarning 30 foizi miqdoridagi, respublikaning boshqa davlat oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirishda esa oʻzlari toʻplagan ballarning
15 foizi miqdoridagi qoʻshimcha ballar koʻrinishida imtiyoz beriladi.
Shuningdek, “Temurbeklar maktabi”ni imtiyozli diplom bilan tugatgan bitiruvchilarga, tarkibida “Temurbeklar maktabi” boʻlgan vazirlik va idoralarning tegishliligi boʻyicha oliy harbiy yoki ixtisoslashtirilgan bilim yurtlariga test sinovlarsiz, harbiy-kasbiy saralash tadbirlarini muvaffaqiyatli oʻtish natijalari boʻyicha kirish huquqi beriladi.
Qabul qilish tartibi:
“Temurbeklar maktabi”ga joriy yilda umumtaʼlim va ixtisoslashtirilgan maktab-internat maktablarining 9-sinfini tamomlaganlik toʻgʻrisidagi shahodatnomaga ega, sogʻligʻining holatiga koʻra oʻqishga yaroqli deb topilgan hamda haqqoniy va shaffoflik tamoyillariga asoslangan saralash tanlovidan muvaffaqiyatli oʻtgan, erkak jinsli Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolari oʻqishga qabul qilinadi.
Tanlov quyidagi bosqichlarda amalga oshiriladi:
- Dastlabki tanlash;
- Harbiy-kasbiy tanlov;
- Test sinovlari.
“Temurbeklar maktabi”ga oʻqishga hujjatlarni rasmiylashtirish masalasida nomzodlarning arizalari yashash joyi boʻyicha mudofaa ishlari boʻlimlarida har yili 1-apreldan 30-aprelga qadar qabul qilinadi.
Dastlabki tanlov:
- nomzodga tegishli hujjatlarni va uni tavsiflovchi maʼlumotlarni toʻplash;
- nomzod toʻgʻrisidagi turli maʼlumotlarni (oilaviy ahvoli, ota-onasi va yaqin qarindoshlarining harbiy xizmatga munosabati va shu kabilar), nomzodning “Temurbeklar maktabi”ga oʻqishga kirishini tanlashiga asoslar va sabablarni aniqlashtirish;
- umumtaʼlim fanlari boʻyicha oʻzlashtirishi, sogʻligʻi
va jismoniy tayyorgarlik holatini har tomonlama va xolisona baholash;
- nomzodlarning shaxsiy-psixologik xususiyatlarini oʻrganish.
Quyidagilar “Temurbeklar maktabi”ga kirish uchun rad javobini berilishiga asos boʻladi:
- nomzodning Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi emasligi;
- nomzodga nisbatan jinoiy ish qoʻzgʻatilganligi, dastlabki tergov yoki surishtiruv oʻtkazilayotganligi, jinoyat ishi sudda koʻrib chiqilayotganligi;
- jazo chorasi turidan yoki amnistiya qarori qoʻllanilganligidan qatʼi nazar sodir etilgan jinoyat uchun ayblov hukmi chiqarilganligi;
- yashash joyidan va ichki ishlar organlaridan salbiy tavsiyanomalar mavjudligi.
Harbiy-kasbiy tanlov:
- taqdim qilingan nomzodga tegishli hujjatlar va uni tavsiflovchi maʼlumotlarni oʻrganish;
- nomzodlarni yakuniy tibbiy tekshiruvdan oʻtkazish;
- nomzodning savodxonlik darajasini (orfografiya
va punktuatsiya) baholash (diktant);
- nomzodlarning psixofiziologik xususiyatlarini oʻrganish;
- nomzodlarning jismoniy tayyorgarlik darajasini aniqlash;
- nomzod bilan yakka tartibda yakuniy suhbat oʻtkazish
va nomzodlarni test sinovlariga qoʻyish toʻgʻrisida yakuniy qaror qabul qilish.
Test sinovlari Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan oʻrnatilgan tartibda oʻtkaziladi.
Test sinovlari oʻtkaziladigan umumtaʼlim fanlari bloki Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga qabul qilish boʻyicha Davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi.
Nomzodlar test sinovlarini oʻz ixtiyoriga koʻra uch tildan — oʻzbek, qoraqalpoq va rus tillaridan birida topshiradilar.
Test topshiriqlari umumiy oʻrta taʼlimi fanlari (5 — 9 sinflari kesimida)ning Davlat taʼlim standartlariga muvofiq tuziladi.
Nomzodlarga beriladigan imtiyozlar
Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga qabul qilish boʻyicha Davlat komissiyasining qaroriga muvofiq dastlabki va harbiy-kasbiy tanlovdan muvaffaqiyatli oʻtgan quyidagi nomzodlar “Temurbeklar maktabi”ga test sinovlarisiz tanlovdan tashqari oʻqishga qabul qilinadi:
A) xalqaro va respublika fan olimpiadalarining gʻoliblari — belgilangan qabul kvotasi doirasida;
B) oʻz xizmat vazifalarini bajarish chogʻida halok boʻlgan hamda jarohatlanish (shikastlanish) natijasida nogiron boʻlib qolgan harbiy xizmatchilar, huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari va Favqulodda vaziyatlar vazirligi qutqaruv boʻlinmalari xizmatchilarining farzandlari — kvotadan tashqari;
V) yetim, ota-ona qarovisiz qolgan, ijtimoiy nosogʻlom oilalarda yashayotgan, davlat va jamiyat koʻmagiga muhtoj boʻlgan, joriy yilda umumtaʼlim maktablarining 9-sinfini tamomlagan Voyaga yetmagan yoshlar bilan ishlash boʻyicha hududiy idoralararo komissiya tavsiyasi hamda tegishli vazirlik va idoralar rahbarlarining qarorlari asosida — kvotadan tashqari, belgilangan kvotaning 5 foizidan koʻp boʻlmagan miqdorda;
Shuningdek, Yoshlar siyosati va sport vazirligi rahbarligida oʻtkazilayotgan respublika va xalqaro sport musobaqalarining gʻoliblariga Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan “Temurbeklar maktabi”ga kirish uchun oʻtkazilayotgan test sinovlarida ular toʻplagan ballarning 20 foizi miqdoridagi qoʻshimcha ballar koʻrinishida imtiyoz beriladi.
Oʻqishga qabul qilish
Nomzodlarni “Temurbeklar maktabi” oʻquvchilari safiga qabul qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan oʻtkazilgan test sinovlari natijalariga koʻra amalga oshiriladi.
Yuqorida koʻrsatilgan imtiyozlarga ega boʻlgan nomzodlar dastlabki va harbiy-kasbiy tanlash natijalariga asosan oʻqishga qabul qilinadi.
Dastlabki va harbiy-kasbiy tanlashdan oʻtgan nomzodlar soni belgilangan qabul kvotalaridan kam boʻlgan taqdirda test sinovlari oʻtkazilmaydi va nomzodlar dastlabki va harbiy-kasbiy tanlash natijalariga asosan qabul qilinadi.
Bir nechta nomzodlarning oʻtish reyting ballari teng boʻlgan hollarda ular orasida birinchi blok fanidan test natijalari yuqori boʻlgan nomzod qabul qilinadi, shunda ham baholar teng boʻlib qolgan taqdirda, umumiy oʻrta taʼlim toʻgʻrisidagi shahodatnomadagi matematika, fizika, ona-tili va adabiyot fanlaridan olgan yakuniy baholari yigʻindisi boshqalarnikidan yuqori boʻlgan nomzod oʻqishga qabul qilinadi.
“Temurbeklar maktabi”ni tamomlagandan keyin bitiruvchilarga belgilangan namunadagi diplom va koʻkrak nishoni beriladi.