Toshkent viloyatiga xavfsiz sayohat
2024-04-15 09:00:00 / Yangiliklar
Tarix sahifalaridan maʼlumki Toshkent qadimdan Buyuk ipak yoʻlidagi savdo – sotiq, ilm fan, hunarmandchilik va madaniyat taraqqiy etgan makonlardan biri boʻlgan. Boʻstonliq tumani Xoʻjakent yaqinidagi gʻordan topilgan tosh davriga mansub odam suyaklarining qoldiqlari va qoyalardagi suratlar bu vohada qadimda ibtidoiy odamlar yashaganligidan dalolat beradi.
Toshkent viloyati 1938-yilda tashkil etilgan boʻlib, Shimoliy va shimoliy – gʻarbdan Qozogʻiston Respublikasi, shimoliy – sharqdan Qirgʻiziston Respublikasi, sharqdan Namangan viloyati, janubdan Tojikiston Respublikasi bilan oʻzaro chegaradosh.
Mazkur viloyat mamlakatimizning shimoliy sharqida joylashgan boʻlib Respublikamizning eng rivojlangan va tobora shiddat bilan oʻsib borayotgan viloyatlaridan biri hisoblanadi.
Viloyat barcha jabhalarda jumladan sanoat, ishlab chiqarish texnologiyalari hamda hozirda taraqqiy etgan mamlakatlar iqtisodiyotida oʻsishning muhim yoʻnalishlaridan biri boʻlgan turizm sohasida ham bir qancha yutuqlarga erishib, tez suratlarda rivojlana borayotganini koʻrish mumkin.
Toshkent viloyatining oʻziga xos tabiati, joylashuvi, oʻz tarixi va bir qancha shunga oʻxshash jozibasi bilan ajralib turadi.
Toshkent viloyati asosan 2 yoʻnalishda: ziyorat va eko turizm sohalari boʻyicha tashrif buyuruvchi mamlakatimizning ichki va tashqi mehmonlariga oʻz eshiklarini ochadi.
Viloyatda joylashgan Boʻstonliq, Parkent, Zangiota, Angren, Olmaliq tuman va shaharlari alohida eʼtiborga loyiq. Ushbu shahar va tumanlar turizm yoʻnalishida yetakchilikni bermay kelishmoqda.
Jumladan Parkent va Zangiota tumanlari ziyorat turizm yoʻnalishida yetakchilik qilsa, Boʻstonliq tumani va Angren shaharlari bu ikki yoʻnalish yaʼni: ziyorat va eko turizm yoʻnalishlari viloyati boʻyicha yetakchilikni qoʻldan boy bermay kelmoqda.
Boʻstonliq tumanida «Chorvoq erkin turistik zonasi», «Ugam – chotqol milliy bogʻi» va Chorvoq suv ombori mavjud boʻlib, bundan tashqari mazkur tumanda katta va kichikligiga koʻra toʻqqizta tabiiy koʻllar hamda balandligi boʻyicha dogʻda qoldiruvchi bir biridan goʻzal va betakror boʻlgan togʻ choʻqqilarini koʻrish mumkin.
Parkent tumani oʻzining yashil qir — adirlari, urf – odatlari, va qadimiy qadamjolari bilan ajralib tursa, Zangiota tumanida joylashgan islom tarixiga ega «Zangibuva» maskaniga islom diniga mansub davlatlardan tashrif buyuruvchi koʻplab ziyoratchilar va chet ellik mehmonlarni jalb etuvchi ziyorat maskanlaridan biri hisoblanadi.
Ayni vaqtda, davlatimiz va shaxsan mamlakatimiz Prezidenti tashabbusi bilan turizm yoʻnalishini yanada rivojlantirish boʻyicha belgilab berilgan bir qancha chora tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan: investorlar uchun qulay shart sharoitlar yaratilganligini inobatga olsak, oʻtgan mavsumda aynan Boʻstonliq tumanida bir nechta yirik loyihalar amalga oshirilgan boʻlib ular orasidan eng sarasi bu shubhasiz ekstremal changʻi uchish sport turiga moʻljallanib barpo etilgan «Amirsoy togʻ changʻi kurorti» hisoblanadi.
Hozirda ikkinchi bosqich qurilish jarayoni ketayotgan ushbu turizm obyekti butun dunyo sayyohlar eʼtiborida boʻlib, kelgusida xalqaro musobaqalar oʻtkazish orqali turizm salohiyatini yanada yuksaltirish koʻzda tutilgan.
Aynan shu sabab yildan yilga Toshkent viloyati mahalliy hamda chet el turistlarini oʻziga jalb etib borishini, turistlarning oqimi va salohiyati sezilarli ortib borayotganligini inobatga olib, 2019-yil 6-mart kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining «Transport va turizm obyektlarida jamoat xavfsizligini taʼminlashning samarali tizimini joriy etishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida» PQ–4229-son qaroriga muvofiq Toshkent viloyat Ichki ishlar bosh boshqarmasida Xavfsiz turizmni taʼminlash boshqarmasi tashkil qilinib, tanlov asosida bir nechta xorijiy tillarda erkin soʻzlasha oladigan xodimlar bilan jamlandi.
Ichki ishlar organlarining xavfsiz turizmni taʼminlash boshqarmasining asosiy vazifalari sifatida, eng avvalo, turizm obyektlarida jamoat tartibini saqlash, yuzaga kelishi mumkin boʻlgan xavf-xatar va tahdidlarni bartaraf etish, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, jinoyatchilikka qarshi kurashish, mahalliy va xorijiy sayyohlarning huquq va erkinliklarini, qonuniy manfaatlarini, shu jumladan, ularning hayoti, sogʻligʻi va mol-mulkini turli jinoiy tajovuzlardan himoya qilish belgilangan.
Shuningdek, ushbu boʻlinmalar xodimlari mamlakatimizga xorijiy davlatlardan tashrif buyurgan rasmiy delegatsiya vakillarini kutib olish, tashrif chogʻida ularning xavfsizligini taʼminlash va kuzatish kabi muhim vazifalarni ham bajarib kelmoqda.
Yuklatilgan vazifalarni samarali bajarish uchun boshqarma zamonaviy texnika vositalari bilan jihozlangan, alohida belgilar va logotiplar bilan ajralib turuvchi yengil xizmat avtomashinalari, patrullik xizmatini olib borish uchun mototsikl, skuter, sigvey, planshetlar bilan taʼminlangan, shuningdek, xodimlarning oʻziga xos imijini yuksaltirish uchun ekipirovka va tashqi koʻrinishiga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Bir soʻz bilan aytganda, Toshkent viloyati IIBBning Xavfsiz turizmni taʼminlash boshqarmasi sayyohlarga doimiy ravishda xizmat koʻrsatish, ularga yordam berishga shay.
Tizim xodimlari Oʻzbekistonga keladigan sayyohlarning mamlakatimiz haqida goʻzal xotiralar bilan qaytishiga barcha imkoniyat va salohiyatini safarbar etishda davom etadi.