Asosiy kontentga o'tish

Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanining «Tuyoqli» mahallasida obodonlashtirish ishlari jadal olib borilmoqda

2024-04-02 10:20:00 / Yangiliklar

Sharof Rashidov tumanining «Tuyoqli» mahallasida «Obod xonadon», «Obod koʻcha», «Obod mahalla» dasturlari asosida qurilish, taʼmirlash, obodonlashtirish ishlari boshlab yuborildi. Ushbu mahalla 3- sektorda joylashgani bois ichki ishlar organlari xodimlari mazkur ezgu tadbirda faol ishtirok etmoqdalar.

3 ming 850 kishi istiqomat qiladigan «Tuyoqli»da zamon talablariga mos fuqarolar yigʻini binosini yuzaga keltirish, koʻchalarning 8 kilometriga asfalt, 2 kilometriga shagʻal yotqizish rejalashtirilgan. Shuningdek, 1 ta transformator hamda 50 ta yoritgich oʻrnatish, 3 ta elektr transformatorini taʼmirlash, 30 ta eskirgan simyogʻochni yangilash, 1 ming 300 metr uzunlikdagi elektr simlarni qoplamaligiga almashtirish, 1,3 kilometr uzunlikda ichimlik suvi tarmogʻi tortish, suv minorasi hamda 600 metr uzunlikdagi tabiiy gaz tarmogʻini taʼmirlash koʻzda tutilgan.

Qolaversa, 38- sonli oʻrta umumtaʼlim maktabi joriy taʼmirlanib, 2 kilometrlik piyodalar yoʻlakchasi bunyodga keltiriladi. Turar joylarni boʻyash, devorlarni taʼmirlash hamda ariqlarni tozalash yoʻli bilan aholi punktiga koʻrkam qiyofa baxsh etish moʻljallanyapti. Shu maʼnoda hududga Sharof Rashidov tumanidagi bir qator tashkilotlardan 10 dan ortiq tekislash, ortish, qazish hamda yuk tashish texnikalari va 500 ishchi-xodim jalb qilingan. Tuyoqlini bahor yangligʻ oʻzgartirayotganlar orasida Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi rahbarligidagi 150 ziyod soha vakillari bor.

Jizzax viloyati IIB Axborot xizmati

412

Oxirgi yangilanish: 2024-04-03 08:22:01

Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanining «Tuyoqli» mahallasida obodonlashtirish ishlari jadal olib borilmoqda