Buxoro viloyati IIB boshligʻi polkovnik Mirjamol Miralimov boshchiligida Qorakoʻl tumanining bir nechta mahallalarida keng koʻlamli bunyodkorlik, obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish ishlari boshlandi
2024-04-02 09:45:00 / Yangiliklar

Bu bordagi chora-tadbirlar dastlab bajarilishi lozim boʻlgan ishlarni belgilab olishdan boshlandi. Oʻtkazilgan yoʻriqnomada tuman sektor rahbarlari, viloyat 3-sektor shtabi aʼzolari, taalluqli tashkilotlar, mahalladagi «yettilik» vakillari, keng jamoatchilik hamda hudud faollari ishtirok etdi.
Bugungi kunda butun dunyoda iqlim oʻzgarishi natijasida ekologik vaziyatni barqarorlashtirish zarurati paydo boʻlmoqda. Shuning uchun ham yangi oʻn yillikning asosiy yoʻnalishlaridan biri bu atrof-muhitni muhofaza qilish va koʻkalamzorlashtirishdir.
Yurtimizda ham atrof-muhitga salbiy taʼsirni kamaytirish, tabiiy ekotizimlarni saqlash va tiklash borasida keng koʻlamli ishlar olib borilmoqda. Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan joriy etilgan «Yashil makon» umummilliy loyihasi ushbu ishlarning mantiqiy davomi boʻlmoqda.
Shunga binoan dastlab, atrof muhit turli chiqindi va qurib qolgan oʻt oʻlanlardan tozalandi.
Shundan soʻng «Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida tumanning choʻllashgan oborotdan chiqqan yerlarida, avtomobil yoʻllari yoqalari, klaster va fermer xoʻjaliklarining ekin yerlari hamda dala chetlari, ijtimoiy soha obyektlari, xizmat koʻrsatish tashkilotlari, mahallalardagi xonadonlarning yerlariga tuproq va iqlim sharoitiga mos keluvchi mevali hamda manzarali daraxt koʻchatlari oʻtqazildi.
Tuzilgan ishchi guruh vakillari tomonidan koʻchama-koʻcha, uyma-uy yurib, bevosita mahalla faollari, oqsoqollar, keksa nuroniylar, faollar bilan uchrashib, aholini qiynab kelayotgan muammolar va mahallalardagi yechimini kutayotgan ijtimoiy-iqtisodiy masalalar oʻrganilib, ularni tezkor va samarali hal qilish boʻyicha manzilli choralar koʻrilmoqda.
Shuningdek, mahallalarda kerakli texnika va ishchi kuchi jalb qilinib, yoʻllarni tekislash, ariq-zovurlarni tartibga keltirish, yon-atrofni obodonlashtirish kabi ishlar ham amalga oshirilmoqda.
Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati