audio

    18+
    Yurtimizda fuqarolar xavfsizligini taʼminlash, tinchlik va osoyishtalikni saqlash borasida barcha huquqni muhofaza qiluvchi idoralar, shu jumladan Ichki ishlar organlari tomonidan tunu-kun xizmat olib borilmoqda

    Mamlakatimizning barcha hududlarida qad rostlagan, xalqimizning hordigʻi hamda kundalik yumushi uchun xizmat qilayotgan madaniy koʻngil ochar maskanlari, yirik savdo markazlari va dehqon bozorlarimiz, qolaversa xiyobonlar, sport inshootlari hamda boshqa jamoat joylarimizda inson xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan barcha vazifalar bekami-koʻst bajarilmoqda.

    Guvohi boʻlayotganimizdek, zamonamizda roʻy berayotgan ayanchli voqeliklar makon yoki joy, millat yoki yosh tanlamayapti. Biz tinch va osoyishta, dorilamon kunlarda yashar ekanmiz, yurtimizni turli tashqi taʼsirlardan, yomon niyatli kimsalardan himoya qilishga oʻzimizni daxldor his etishimiz muhim hisoblanadi.

    Yaqin oʻtmish xalqimiz uchun iztirobli, alamli xotiralar bilan muhrlangan 16-fevral voqealariga, Sariosiyo tumanidagi terroristik tahdidlarga, Andijondagi xunrezliklarga guvoh boʻlgan. Gʻarazgoʻy, vatansiz kimsalarning bu harakati tarixga qonli terror sifatida muhrlangan.

    Bu kabi koʻngilxiraliklar dunyoning boshqa rivojlangan davlatlarida ham koʻp bora sodir boʻlgan. Ayrimlari esa haligacha urush alangasida qolmoqda. Natijada koʻplab begunoh insonlar qurbon boʻlishmoqda. Ular orasida yosh bolalarning ham borligi insoniyatni chuqur qaygʻuga soladi.

    Mana shunga oʻxshash xunrezliklardan va mudhish voqealardan himoyalanish uchun, yurtimiz, shahrimiz, mahallamiz tinchligi uchun barchamiz bir boʻlib birlashishimiz, ogohlikni kuchaytirishimiz zarur.

    Buning uchun, jamoat joylarida shubhali koʻringan shaxslarga eʼtibor qaratishimiz hamda ular haqida zudlik bilan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar berishimiz muhim.

    Undan tashqari, turli manzillarda qarovsiz qoldirilgan har qanday buyumni eʼtibordan chetda qoldirmasdan, ular haqda darhol 102 raqamiga xabar berish lozim.

    Va albatta, jamoat joylarida xizmat vazifasini bajarib, jamoat xavfsizligini taʼminlayotgan huquq posbonlarining qonuniy talablarini eʼtirozsiz bajarish zarur.

    Mamlakatda xalqimizning tinch va osoyishta hayotini taʼminlash hamda jamiyatimizda qonunga itoatkorlik va jamoat xavfsizligi madaniyatini shakllantirish nihoyatda dolzarb vazifalarimizdan biri boʻlib qolmoqda.

    Bir soʻz bilan aytganda mamlakatimiz, shahrimiz va har bir mahallada tinchlik va osoyishtalikni yanada mustahkamlash uchun barchamiz birdek masʼulmiz.

    • view_icon 254
    : 2024-03-29 21:39:47