Faxriylar faxrimiz. Xar koʻngilda yaxshilik unsin
2024-03-28 09:00:00 / Yangiliklar

Ota-onam doim 1967-yil qish qattiq kelgan, deyishardi. Men shu yili qahraton chekinib, kunlar isib, gullar ochilgan pallada tugʻilgan ekanman. Shuning uchun avval ismimni Chamangul qoʻyishgan, keyin esa Gulbahorga almashtirishgan.
Uzoq yillar ichki ishlar organlarida faoliyat yuritgan faxriy xodima isteʼfodagi podpolkovnik Gulbahor Amerdinova ismi bilan bogʻliq xotiralarni shunday yodga oladi.
Lavhamiz qahramoni dastlab Fargʻona viloyati IIB Harbiy-tibbiy komissiyasida kotiba boʻlib ishlagan. Biroq uning yuragida ichki ishlar organlarida xizmat qilishdek ishtiyoq bor edi. Inson niyatni yaxshi qilib, mehnatdan boʻyin tovlamay, tanlagan yoʻlida davom etsa, imkoniyat eshiklari bir-bir ochilaverarkan.
Unda ham xuddi shunday boʻldi. Yosh bolishiga qaramay, zimmasiga yuklatilgan vazifalarni, berilgan topshiriqlarni astoydil, puxta bajarishi sabab tezda rahbariyat eʼtiboriga tushib, Fargʻona shahar IIB voyaga yetmaganlar ishlari boʻyicha inspeksiyasining inspektori lavozimiga oʻtkazildi.
Orzularim ushalgan kundagi hayajonlarimni kechagidek eslayman, -deydi qahramonimiz. — Xizmatimning birinchi kuniyoq xalqning nigohida ekanligimni unutmasligim, libosimga munosib xodima bolish uchun gʻayrat bilan ishlashim shart, degan ahdni qalbimga joyladim. Faoliyatim mobaynida qaysi yoʻnalishda xizmat qilmay, maqsadim yolida ogʻishmay mehnat qildim. Sohaning sir-asrorlarini birinchi ustozim, isteʼfodagi general mayor Tohir Mullajonovdan oʻrganganman.
Ularning «Shunday shaxt-shijoat bilan ishlaginki, omad ortingdan quvsin», deya bergan nasihatlari kechagidek qulogʻim ostida jaranglab turadi. Voyaga yetmaganlar boʻlimidagi faoliyatim mobaynida isteʼfodagi podpolkovnik Sotvoldi Haydarovning yoʻl-yoʻriq va koʻrsatmalariga amal qilib kam boʻlmadim.
Ustozlarim menga tizimning ichiga kirish, tinimsiz mahoratni oshirib borish alohida ahamiyat kasb etishini uqtirishdi. Va bu mening barcha yutuqlarim uchun asos boʻlib xizmat qildi.
Gulbahor Amerdinova Fargʻonadan IIV SHTBIX shaxsiy tarkibni tarbiyalash va ijtimoiy-huquqiy himoya qilish boʻlimiga inspektor lavozimiga oʻtkazilganida ham, har bir topshiriqni oʻz oʻrnida bajarishi, yuzakilikni yoqtirmasligi, gʻayratliligi, jamoani birlashtirish qobiliyati bilan tezda kasbdoshlari mehri va eʼtiborini qozondi.
Keyinchalik faoliyatini IIV Shaxsiy tarkib bilan ishlash xizmatida davom ettirdi.
U 2018-yilda IIV Akademiyasi qizlar otryadi komandiri lavozimidan podpolkovnik unvonida pensiyaga chiqdi. Hozirda esa Toshkent shahar Xalq qabulxonasi mutaxassisidir.
Biz hayotda uncha-muncha muammoni ostonamizdan tashqariga olib chiqishga istihola qilamiz, — deydi isteʼfodagi podpolkovnik G. Amerdinova. — Ammo turmushning mushti koʻpki, baʼzan kishi kutilmagan sinovlar qarshisida ilojsiz qolib, qaysidir davlat idorasining eshigini qoqadi.
Turli masalalar bilan idoramizga murojaat qilayotganlarning muammolarini eshitish, vaziyatga toʻgʻri baho berib, yechimini topish oson ish emas. Xalq qabulxonasiga umid bilan qadam qoʻygan har bir fuqaroning muammosini hal etish uchun bor imkoniyatimizni ishga solamiz.
Г.Амердинова hayotda insonlar hamisha bir-biriga yaxshilik qilib, ezgulikka intilishi kerak, degan shior bilan yashaydi. Unga bu shior roʻyobi yoʻlida omil boʻlgan bagʻrikenglik, mulohazakorlik xislatlari onasi Mayram ayadan yuqqan. Qaynonasi Hojar ayaning insoniy fazilatlari ham bu boradagi qarashlarining yanada tiniqlashishiga sabab boʻlgan.
Darvoqe, qahramonimizning ukasi, IIV Maxsus operatsiyalarni muvofiqlashtirish boshqarmasi Fargʻona viloyati boʻyicha maxsus otryad komandiri, II darajali «Shon-sharaf» ordeni sohibi, podpolkovnik Ravshan Amerdinov ham 32-yildan buyon ichki ishlar organlari tizimida fidoyilik bilan xizmat olib bormoqda. Opa-uka hamisha maslakdosh.
Xayrli ishlarda jonsarak va xalqparvar faxriy xodima uch farzandning onasi. Toʻngʻich qizi Shahzoda huquqshunos. U yaqinda Koreyada xalqaro qonunlar boʻyicha tarjimon mutaxassisligi yoʻnalishida tahsilni yakunlab, magistrlik darajasini olib qaytdi.
Shahnoza jurnalist, Nigina esa kelajakda jarroh boʻlish niyatida tibbiyot oliygohiga tayyorgarlik koʻrmoqda. Gulbahor opa Muhammadloyiq, Anisaxonlarning shirin kulgulari, bolalarcha erkaliklaridan zavqi toshib, ularni suyib erkalovchi buvi hamdir.
Sirasini aytganda, Gulbahor Amerdinova singari el ishiga yelka tutgan, koʻnglida yaxshilik ungan xotin-qizlarning ibratli va samarali faoliyatiga chuqurroq nazar solganimiz sayin oʻrnak olsa arziydigan sifatlari yorqinlashaveradi.
©️ «Postda» gazetasi, Gulnoza Turgʻunboyeva