Ingliz tilida onlayn formatda tashkil qilingan tanlovda Rossiya va Belaruslik yoshlar qatorida, Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi kursantlari ham ishtirok etdi
2024-03-28 08:30:00 / Yangiliklar
![Ingliz tilida onlayn formatda tashkil qilingan tanlovda Rossiya va Belaruslik yoshlar qatorida, Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi kursantlari ham ishtirok etdi](/_next/image?url=https%3A%2F%2Fapi-portal.gov.uz%2Fuploads%2F6b093281-6bea-ebb9-c682-3c2f48d2c418_lists_slider_.jpg&w=3840&q=75)
Yaqinda Rossiya Federatsiyasi Federal jazoni ijro etish xizmati Huquq va boshqaruv akademiyasi tomonidan ijodiy tanlov oʻtkazildi.
Ingliz tilida onlayn formatda tashkil qilingan tanlovda Rossiya va Belaruslik yoshlar qatorida, Ichki ishlar vazirligi akademiyasida taʼlim olayotgan kursantlar ham ishtirok etdi. Ular “English speaking countries”, “English souveniers”, “English for professional purposes” hamda “English party” shartlari boʻyicha bellashdilar.
Tanlovning birinchi shartida ishtirokchilarga ingliz tilida soʻzlashuvchi davlatlar haqida 40 ta savol yoʻllandi. Akademiyamiz kursanti Zebiniso Qarshiboyeva 35 ta savolga toʻgʻri javob berib, yakunda uchinchi oʻrinni egalladi.
Ikkinchi shartda qoʻl mehnati bilan yasalgan ijod namunalari taqdimot tarzida havola etildi. Iqtidorli kursantlarimiz Sardor Rahimberganov, Sultonbek Oʻrinboyev, Mustafo Murodov tayyorlagan dunyoga mashhur “Big Ben” minorasining maketi hakamlar tomonidan eng yaxshi deb topildi.
Uchinchi shart videoroliklar taqdimotiga bagʻishlandi. Kursantlar oʻz chiqishlari orqali ingliz tilining kasbiy faoliyatdagi ahamiyatini yoritib berdilar. Rang-barang chiqishlarga boy oʻtgan ushbu shartda Muhammadali Toshbekov havola etgan videorolik birinchi oʻringa munosib deb topildi.
Tanlovning soʻnggi shartida yoshlar ingliz tilida ijro qilingan qoʻshiq va sheʼrlari bilan ishtirok etishdi. Quvonarlisi, Mustafo Murodovning sheʼriy chiqishi “Eng yaxshi talaffuz” nominatsiyasiga loyiq koʻrildi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati