Ichki ishlar vaziri general-leytenant Poʻlat Bobojonov hamda soha masʼullari ulugʻ faxriylar, nuroniylar hamda ikkinchi jahon urushi va front orti qatnashchilari holidan xabar olishmoqda
2024-03-22 13:00:00 / Yangiliklar
Yurtimizga kirib kelgan bahor fasli nishonasi «Navroʻz» umumxalq bayrami munosabati bilan anʼanaga koʻra Ichki ishlar vaziri general-leytenant Poʻlat Bobojonov hamda soha masʼullari ulugʻ faxriylar, nuroniylar hamda ikkinchi jahon urushi va front orti qatnashchilari holidan xabar olishmoqda
Yurtimizda turli bayram va tantanalarda keksa avlod vakillariga hurmat koʻrsatish, nuroniy va faxriylar holidan xabar olish yaxshi anʼanaga aylangan. Sababi, bugungi tinch va osuda kunlarimiz, farovon turmushimiz ularning mashaqqatli mehnati va bukilmas irodasi evaziga bunyod boʻlgan.
Ayni shu ezgu maqsadlarda Ichki ishlar vaziri general-leytenant Poʻlat Bobojonov hamda soha masʼullari tomonidan poytaxtimizda umrguzaronlik qilayotgan ulugʻ faxriylar, nuroniylar hamda ikkinchi jahon urushi va front orti qatnashchilari xonadonlariga mehmonga borib, «Navroʻz» bayrami munosabati bilan xabar olindi. Mutasaddilar fidoyi keksalarga bayram sovgʻalari ulashilib, ularning quvonchlariga sherik boʻlishdi.
Mirobod tumani Mingoʻrik mahallasida yashovchi Margarita Filanovich ayni vaqtda 87 yoshni qarshilagan. Ikkinchi jahon urushi vaqtida Leningrad qamalida qolgan Margarita yoshgina qizaloq edi. Urushning mashʼum xotiralari uning murgʻak qalbiga muhrlangan. Uning hayotiy tajribasi hanuzgacha yoshlarga katta ibrat boʻlib kelmoqda. Filanovich 200 dan ortiq nashrlar, shu jumladan 20 ga yaqin monografiya muallifi. Bundan tashqari, «Oʻzbekiston tarixi» jurnali muharriri oʻrinbosari, Oliy attestatsiya komissiyasi huzuridagi dissertatsiyalar boʻyicha muvofiqlashtiruvchi kengash aʼzosi hamdir.
Yana bir faxriymiz Yakkasaroy tumani Muhandislar mahallasida istiqomat qiluvchi Kireyeva Lyubov Semyonovna boʻladi. Ayni oʻspirinlik davri fashistlarning konslagerida oʻtgan bu ayol, bugun tinch osuda yurtda yashayotganidan baxtiyor. 46-yil mehnat qilib bugun nafaqa gashtini surayotgan Lyubov Semyonovnaning hayot yoʻli chinakam iroda va matonat namunasi.
Masʼullar ushbu mahallada yashovchi keksa faxriy Smolich Yuriy Georgiyevich xonadonida ham boʻlib, nuroniy otaxon bilan suhbatda boʻlishdi. Umrining koʻp qismini oʻzbek xalqi bilan oʻtkazgan qahramonimiz bugungi farovon turmushimiz hamda koʻklam bahor gashtlari haqida iliq fikrlarni bildirdi.
Ichki ishlar vazirligining mutasaddilari va masʼullar shuningdek, poytaxtimizning Shayxontohur tumanida istiqomat qilayotgan Asqar Joʻrayev xonadonida ham boʻlishdi. Chinakam matonat va jasorat sohibi Asqar Joʻrayev ikkinchi jahon urushining ayni suronli yillarida vatan ozodligi uchun astoydil kurash olib borgan.
Masʼullar keksa faxriylar bilan uchrashish asnosida ularning yashash sharoiti, salomatligi hamda muammolarini ham oʻrganishdi. Bir soʻz bilan aytganda, bahor ayyomida keksa avlod vakillariga hurmat ehtirom koʻrsatildi.
Ushbu ezgu ishlarning «Navroʻz» bayrami jarayonida amalga oshirilishi ham bejiz emas. Bu kunlarda koʻzlar quvonchga, qalblar umidga toʻladi, yangi-yangi marralarni zabt etish ishtiyoqi oshadi. Yurtimizdagi bayram shukuhi har bir xonadonga kirib boradi.
Bu kabi xayrli tadbirlar hududlar kesimida ham davom ettirilmoqda.
IIV Axborot xizmati