Ichki ishlar vazirligi akademiyasida professional boks ustasi Isroil Madrimov bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi
2024-03-20 12:10:00 / Yangiliklar
Xabaringiz bor, yaqinda hamyurtimiz Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shahrida oʻtkazilgan professional boks oqshomida rossiyalik Magomed Qurbonovga qarshi ringga koʻtarilib, raqibini nokautga uchratgan holda yenggan edi. Bu yutuq evaziga Isroil birinchi oʻrta vazn toifasida “WBA” chempionlik kamarini qoʻlga kiritdi.
Akademiya tinglovchi va kursantlari bilan uchrashuvda Isroil chempionlik taassurotlari bilan oʻrtoqlashdi. “Har bir inson, avvalo, oʻz yurtini sevishi kerak. Vatan tuygʻusi meni doim yangi marralar, gʻalabalar sari undaydi. Chempion boʻlganimda qalbimdan oʻtgan kechinmalarni soʻz bilan ifodalay olmayman. Xalqimiz, Prezidentimiz, ota-onam va yaqinlarim meni qoʻllab turganini his qilib turdim. Yurtimiz shaʼnini munosib himoya qilish, yangi gʻalabalar bilan bayrogʻimizni jahon uzra magʻrur koʻtarish – eng oliy maqsadim”, dedi u.
Uchrashuv davomida Isroil bolalik yillari, sportga boʻlgan kuchli ishtiyoqi, mamlakatimiz yoshlari uchun yaratilgan ulkan imkoniyatlar haqida gapirdi. El-yurt osoyishtaligi yoʻlida xizmat qilishni maqsad qilgan kursantlarga motivatsion ruh berdi. Shu kuni chempion sportchimiz Jangovar va jismoniy tayyorgarlik kafedrasida yoʻlga qoʻyilgan toʻgaraklar faoliyati bilan tanishib, murabbiylar bilan muloqot qildi.
Maʼlumot uchun, Ar-Riyoddagi bahsda Isroil professional boksdagi oʻn birinchi jangini oʻtkazdi. Uning raqibi Magomed Qurbonov esa faoliyatidagi 25 ta gʻalabali jangdan soʻng ilk magʻlubiyatini qabul qilib oldi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati