Ichki ishlar vaziri general-leytenant Poʻlat Bobojonov «Namunali huquq tartibot maskani» respublika bosqichi gʻoliblarini IIV Madaniyat saroyida boʻlib oʻtgan tantanali taqdirlash marosimida qatnashdi
2024-03-18 20:40:00 / Majlislar
Fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, jamiyatda qonun ustuvorligini taʼminlash, huquqbuzarliklarning oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashishda ichki ishlar organlari huquq tartibot maskanlari va profilaktika inspektorlarining oʻrni ortib bormoqda. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan keyingi yillarda mamlakatimizda ushbu tizim faoliyatini yanada takomillashtirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Shu nuqtai-nazardan bu yildan boshlab birinchi marta oʻtkazilayotgan Ichki ishlar organlarining namunali huquq tartibot maskani va faol jamoatchilik vakillari oʻrtasida Respublika koʻrik tanlovining ahamiyati yil sayin ortib boradi.
Taqdirlash marosimi Ichki ishlar vazirligi madaniyat saroyida tashkil etildi. Tantanali tadbirni Ichki ishlar vaziri general-leytenant Poʻlat Bobojonov ochib berib, mazkur tanlov Respublikamizda faoliyat olib borayotgan huquq-tartibot maskanlari faoliyatini sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqishda muhim vosita boʻlib xizmat qilishi shuningdek, mahalla faollari va keng jamoatchilik hamkorlikda hududlarni jinoyatlardan holi maskanga aylantirish borasida muhim qadamlar tashlanganini alohida eʼtirof etdi.
Shundan soʻng tanlovning Respublika bosqichi gʻoliblari eʼlon qilindi. Unga koʻra
«Eng faol profilaktika inspektori» nominatsiyasi boʻyicha gʻoliblikni Qashqadaryo viloyati, Chiroqchi tumani IIB profilaktika inspektori kapitan Jasur Jumayev qoʻlga kiritdi.
«Eng faol mahalla fuqarolar yigʻini raisi» nominatsiyasi boʻyicha Toshkent shahar Olmazor tumani «Ziyo» mahallasi fuqarolar yigʻini raisi Ubaydullo Mamajonov loyiq koʻrildi.
«Eng faol hokim yordamchisi» nominatsiyasi boʻyicha Namangan viloyati Chortoq tumani «Bogʻ» MFY hokim yordamchisi Islomjon Abdulhamidov gʻolib deb topildi.
«Eng namunali xotin-qizlar faoli» nominatsiyasi boʻyicha Samarqand viloyati Jomboy tumani «Naymantepa» mahallasi xotin-qizlar faoli Sanobar Abdullayeva munosib koʻrildi.
Tanlovning «Eng faol yoshlar yetakchisi» nominatsiyasi boʻyicha gʻoliblik Andijon viloyati Andijon shahar «Maʼrifat» MFY yoshlar yetakchisi Yunusbek Abdugʻafforovga nasib etdi.
Shuningdek, «Eng faol xotin-qizlar masalalari boʻyicha inspektori» nominatsiyasi gʻolibi sifatida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Nukus shahar IIO FMB JXX Huquqbuzarliklar profilaktikasi boʻlimi katta inspektori podpolkovnik Ayjamol Namenova munosib koʻrildi.
Tanlovning «Eng faol yoʻl-patrul xizmati inspektori» nominatsiyasi gʻoliblikni Sirdaryo viloyati YHXB katta inspektori kichik serjant Mavlon Xoʻrazov qoʻlga kiritdi.
«Eng faol patrul-post xizmati inspektori» nominatsiyasi boʻyicha gʻoliblik Navoiy viloyati IIB JTSB PPX batalyoni inspektori safdor Umidjon Razakovga nasib etdi.
«Eng faol probatsiya xizmati inspektori» nominatsiyasi boʻyicha gʻoliblik Xorazm viloyati Xiva tumani IIB JXX Probatsiya xizmati katta inspektori kapitan Hamrobek Jumaniyozovga nasib etdi.
Shuningdek, tanlovning «Eng faol sektor rahbari» nominatsiyasi boʻyicha Jizzax viloyati Doʻstlik tumani 3-sektor rahbari podpolkovnik Sherzod Qosimov, Toshkent viloyati Zangiota tumani 1-sektor rahbari Erkin Rustamov,Buxoro viloyati Buxoro tumani 2-sektor rahbari Karim Ikramov, Surxondaryo viloyati Jarqoʻrgʻon tumani 4-sektor rahbari Rahmatilla Sattarovlar munosib koʻrildi.
Tanlovning namunali huquq tartibot maskani profilaktika inspektori nominatsiyasida 3-oʻrin Jizzax viloyati Doʻstlik tumani «Saritepa» mahalla huquq-tartibot maskani profilaktika katta inspektori mayor Ilxom Shodmonov hamda Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi “A.Yassaviy” mahalla huquq-tartibot maskani profilaktika katta inspektori kapitan Siroj Pirmetovlarga nasib etgan boʻlsa, faxrli ikkinchi oʻrinni Buxoro viloyati Buxoro tumani «Rabotiqalmoq» mahalla huquq-tartibot maskani profilaktika katta inspektori kapitan Shaxob Ismoilov qoʻlga kiritdi.
Mazkur tanlovda faxrli birinchi oʻrin Fargʻona viloyati Bogʻdod tumani Guliston mahalla huquq tartibot maskani profilaktika inspektori kapitan Ikromjon Sotvoldiyevga nasib etdi gʻolibga Oʻzbekiston Respublikasi IIV tomonidan xizmatda foydalanish uchun elektromobil tantanali topshirildi.
Taʼkidlash lozim taqdirlash marosimida shuningdek, Oʻzbekistonni yana bir bor dunyoga tanitgan, sportning boks turi boʻyicha super oʻrta vazn toifasida WBA kamarini qoʻlga kiritib, professional boks boʻyicha yangi jahon chempioni boʻlgan Ismoil Madrimov ham eʼtirof etilib, unga Ichki ishlar vaziri tomonidan muddatidan oldin mayor maxsus unvoni tantanali tarzda topshirildi.
Tadbir yakunida Ichki ishlar vazirligi madaniyat saroyi ashula va raqs ansambli tomonidan tayyorlangan badiiy chiqishlar, ona vatanni madh etuvchi kuy-qoʻshiqlar kechaga oʻzgacha bayramona ruh bagʻishladi.