audio

    0+
    Navroʻz bayramida fuqarolar xavfsizligini taʼminlash maqsadida 22 383 nafar xodim va harbiy xizmatchi safarbar etiladi

    Bu haqda AOKAda oʻtkazilgan brifingda IIV Jamoat xavfsizligi departamenti axborot xizmati rahbari Muzifa Sultonova maʼlum qildi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining «Muborak Ramazon oyini munosib tarzda oʻtkazish toʻgʻrisida»gi shuningdek «2024-yilgi Navroʻz umumxalq bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish toʻgʻrisida»gi, qarorlari ijrosini taʼminlash maqsadida quyidagi ishlar amalga oshirilmoqda.

    Keng aholi qatlamlari ishtirokida respublikamizning 2092 masjidlarida «Taroveh» namozlari oʻqilmoqda.

    Namozlar oʻqiladigan masjidlarda jamoat tartibini saqlash va fuqarolar xavfsizligini taʼminlashga 14 ming nafardan ortiq xodimlar va harbiy xizmatchilari jalb etilgan. Masjidlar va ularning atrof hududlarida fuqarolarning xavfsizligi taʼminlanib, jamoat tartibining buzilishi hamda favqulodda holatlar sodir etilishiga yoʻl qoʻyilmasligi toʻliq nazoratga olingan.

    Hududiy hokimliklar bilan birgalikda bevosita avtomobil yoʻllariga yondosh joylashgan masjidlar atrofidagi yoʻllarda transport vositalarining harakatini vaqtinchalik cheklash choralari koʻrilib, fuqarolar hayoti va salomatligiga zarar yetkazishi mumkin boʻlgan harakatlari sodir etilishining oldini olish maqsadida, masjidlarga kirish joylarda beton yoki metall toʻsiqlar oʻrnatilgan holda, masjidlardan 150 metr uzoqlikda alohida avtoturargohlar tashkil etilgan.

    Serqatnov koʻchalarda joylashgan masjidlar qarshisi va unga olib boruvchi koʻchalarda piyodalar oʻtish joylariga yoʻl yotiq chiziqlarni chizish, yoʻl belgilarini oʻrnatish va yoʻl harakatini tartibga soluvchi texnik vositalarga oʻz vaqtida va sifatli xizmat koʻrsatish ishlari olib borilmoqda.

    Masjidlar atrof-hududlarida tashkil etilgan avtoturargohlarda oʻgʻrilik jinoyatlari sodir etilishini oldini olish maqsadida Ichki ishlar organlari va Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari hamda jamoatchilik vakillaridan iborat patrullik guruhlari tashkil etilgan.

    Mamlakatimizda har yili xalqimizning qadimiy tarixi, boy madaniyati va ezgu qadriyatlarini oʻzida yaqqol mujassam etgan «Navroʻz bayrami» eng ardoqli milliy bayram sifatida keng nishonlanib kelinadi. Bayram tadbirlari respublika hududida jami 219 obyektlarda oʻtkazilishi belgilangan.

    Fuqarolarni xavfsizligini taʼminlash uchun 22 ming 383 nafar xodimlar va harbiy xizmatchilar safarbar etildi. Favqulodda vaziyatlarning oldini olish maqsadida, 3 ming nafardan ortiq zaxira guruhlari tashkil etilgan.

    Joriy yilda Navroʻz umumxalq bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish borasida, bayram tadbirlarini xavfsiz sharoitda oʻtkazish maqsadida joriy yilning 1-mart kunidan boshlab respublikaning barcha hududlarida keng qamrovli «Xavfsiz hudud» profilaktik tadbirlari boshlangan.

    Xavfsizlik talablariga javob bermaydigan joylarda bayram tadbirlari oʻtkazilishiga hamda ushbu joylardagi nosoz attraksionlar va boshqa oʻyin qurilmalarning ishlatilishiga yoʻl qoʻyilmasligi nazoratga olingan va har bir tabdir obyektida mahalliy hokimlik, sogʻliqni saqlash va boshqa idora va tashkilotlar vakillarining navbatchiligi tashkil etilgan.

    Ochiq joylarda xalq sayillari oʻtkaziladigan joylarning atrof-hududlari jismonan, texnik va maxsus vositalar bilan toʻliq toʻsish choralari koʻrilishi, shuningdek bayram tadbirlari oʻtkazilayotgan vaqtda elektr-energiya, gaz, suv, obodonlashtirish va boshqa mutasaddi tashkilotlar har qanday vaziyatga shay holatda boʻlishi belgilangan.

    Aziz yurtdoshlar, mazkur tadbirlarning muhimligini inobatga olib, ularni tinchlik va osoyishtalik bilan, yuqori saviyada oʻtkazish uchun barchamiz masʼuliyat bilan yondashaylik.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi

    • view_icon 234