Vazir oʻrinbosari general-mayor Davron Nazarmuxamedov Navoiy viloyati Karmana tumani mahallalarida oʻrganish ishlarini olib bordi
2024-03-15 10:35:00 / Yangiliklar
Vazir oʻrinbosari Navoiy shahriga yondosh hudud Karmana tumani mahallalariga tashrif buyurdi. Dastlab, “Mir Sayid Bahrom” mahallasida boʻlib, hududning tarkibiy qismi bilan tanishdi. Soʻngra mahalladagi yettilik tomonidan bajarilgan ishlar, yechimtalab muammolari oʻrganildi.
Tuman markazidagi mazkur mahallada avtoshohbekat, tuman tibbiyot birlashmasi, oliy taʼlim muassasasi joylashganligi munosabati bilan aholi gavjum hududlarda profilaktik ishlarni kuchaytirish, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni oldini olishga qaratilgan targʻibot tadbirlarini muntazam tashkil etish lozimligi aytildi.
Keyingi manzil tumanning “Madaniyat markazi” boʻldi. Vazir oʻrinbosarini qarshi olgan markaz tarbiyalanuvchilari musiqiy asboblar joʻrligidagi asarlarni ijro etib berishdi. D. Nazarmuxamedov madaniyat va sanʼat kishiga eng toza insoniy xislatlarni bagʻishlashi, odamlarimizning madaniy hordiq olishlari uchun oltin meros boʻlib qolguvchi asl asarlar yaratish lozimligini urgʻuladi.
Shu bilan birga, yoshlarning boʻsh vaqtlarini unumli tashkil etish maqsadida mahalla binosida yaratilgan shart-sharoitlar, oʻyingoh va turli toʻgaraklar faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Navoiy viloyati IIB Axborot xizmati