Buxoro viloyati sektor rahbarlari boshchiligida “Yangi Oʻzbekistonning vatanparvar yoshlari” oʻquv yigʻiniga jalb qilingan yoshlar ishtirokida “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi oʻtkazildi
2024-03-14 17:20:00 / Yangiliklar
Buxoro viloyatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashining 2024-yil 12-yanvardagi kengaytirilgan yigʻilishida berilgan topshiriqlari ijrosini taʼminlash hamda yoshlarni vatanparvarlik, jamiyat hayotiga daxldorlik va qonunga hurmat ruhida tarbiyalashga qaratilgan “Yangi Oʻzbekistonning vatanparvar yoshlari” oʻquv yigʻinini oʻtkazilmoqda.
13-mart kuni Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov, Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi polkovnik Mirjamol Miralimov, viloyat Soliq boshqarmasi boshligʻi Dilshod Yuldashev hamda IIV Akademiyasi masʼullari boshchiligida ushbu oʻquv yigʻiniga jalb qilingan yoshlar ishtirokida “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi oʻtkazildi.
Uchrashuv davomida yoshlarining muammolari hamda takliflari oʻrganilib, oʻzaro muloqotda ular tomonidan koʻtarilgan murojaatlar tinglandi.
Yuzma-yuz ochiq muloqotda, yoshlar tomonidan bank imtiyozli kredit mablagʻlari ajratilishi, tadbirkorlik uchun yer maydoni ajratishda amaliy yordam berish, ish bilan taʼminlash, mutaxassisligi boʻyicha ishga joylashtirish, tadbirkorlik faoliyatini kengaytirishda imtiyozlardan foydalanish, tayinlangan jazolarini oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilish va boshqa ijtimoiy muammolari boʻyicha murojaatlar kelib tushdi.
Asosiy eʼtibor, murojaatlarning joyida hal etilishiga qaratilib, qoʻshimcha oʻrganish va qonuniy qaror qabul qilish uchun ish yurituviga olingan murojaatlar yuzasidan chora-tadbirlar belgilandi.
Sektor rahbarlari boshchiligida oʻtkazilayotgan bu kabi uchrashuvlar yoshlarda vatanparvarlik, yurtga daxldorlik, qonunlarga itoatkorlik xislatlarini singdirish, ularning qiziqishlari, qobiliyati, iqtidori va muammolarini oʻrangan holda kasb-hunar hamda chet tilini oʻrganishga yoʻnaltirish, bandligini taʼminlash, tadbirkorlikka jalb qilish orqali faol ijtimoiy hayot tarziga yoʻnaltirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati