Ichki ishlar vaziri general-leytenant Poʻlat Bobojonov Sirdaryo viloyatidagi koʻzi ojizlar va zaif koʻruvchi bolalar uchun ixtisoslashtirilgan “Nurli maskan” maktab-internatiga tashrif buyurdi
2024-03-07 14:00:00 / Yangiliklar
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri general-leytenant Poʻlat Bobojonov Sirdaryo viloyatidagi koʻzi ojizlar va zaif koʻruvchi bolalar uchun ixtisoslashtirilgan “Nurli maskan” maktab-internati bilan tanishib, 8-mart “Xalqaro xotin-qizlar kuni” munosabati bilan maskan oʻquvchi qizlari, tarbiyachilar va ayol xodimalari uchun tashkil etilgan bayram tadbirida ishtirok etdi.
Davlatimiz rahbari tomonidan Ichki ishlar vazirligiga respublikamiz hududida joylashgan koʻzi ojiz va zaif koʻruvchi bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarni biriktirish va patronaj tizimini joriy etish vazifasi yuklatilgan.
Ushbu vazifalardan asosiy maqsad tarbiyalanuvchilarning oʻqish va yashash sharoitlarini yaxshilash, maxsus adabiyot va oʻquv qoʻllanmalari bilan taʼminlash, oʻquv jarayoniga axborot kommunikatsion texnologiyalarni keng tatbiq etish, maktab-internatlarda paralimpiya sport turlariga xos boʻlgan yoʻnalishlarni bosqichma-bosqich joriy etish va musiqa sanʼatini oʻrgatish ishlarini kuchaytirish hamda maktab-internatlarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash hisoblanadi. Shu bilan birgalikda maktab-internatlarida sogʻlom ovqatlantirishni tashkil etish, nuqsonlarni tuzatish, reabilitatsiya hamda sogʻlomlashtirish tadbirlarini faollashtirish, kadrlar salohiyatini oshirish, oʻquvchilarining jamiyatdagi ijtimoiy moslashuvini yaxshilash kabi bir qator ezgu maqsadlar qoʻyilgan.
Belgilangan topshiriqlarni ijrosini taʼminlash maqsadida, Ichki ishlar vaziri tomonidan Sirdaryo viloyatida faoliyat olib borayotgan “Nurli maskan” ixtisoslashtirilgan maktab-internati bilan tanishildi. Maʼlumot oʻrnida, ushbu maktab-internat 176 oʻrinli boʻlib, oʻquv binosi, oshxona, yotoqxona, ochiq mini futbol maydoni hamda sport zalidan iborat.
Maktabda yaratilgan sharoitlarni koʻzdan kechirish davomida u yerda taʼlim olayotgan koʻzi zaif koʻruvchi bolalar kutubxonasi uchun maxsus darsliklar xarid qilish, ijodiy ishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish hamda tarbiyalanuvchilarga oʻquv qoʻllanmalari, badiiy kitob jamlanmalari bilan boyitish boʻyicha vazifalar qoʻyildi.
Bu yoʻnalishda tarbiyalanuvchilarni taʼlim jarayoni, ijodi, maishiy va ijtimoiy hayoti jarayonida yuzaga kelayotgan muammolarni bartaraf qilish ekanligini taʼkidlab oʻtildi, shuningdek, oʻquvchilarning matematika, sanʼat va sportga doir iqtidorlarini yuzaga chiqarish borasidagi ishlarga koʻproq eʼtibor qaratish kerakligi koʻrsatildi.
Ichki ishlar vaziri 8-mart “Xalqaro xotin-qizlar kuni” munosabati bilan maskan tarbiyalanuvchilari va ayol xodimlari uchun tashkil etilgan bayram tabrigida ishtirok etib, ezgu tilaklarni bildirgan holda barcha oʻquvchi qizlar, tarbiyachi hamda xodimalarga vazirlik hamda viloyat hokimligi nomidan esdalik sovgʻalar ulashildi.
Shuni alohida taʼkidlash joizki, muhtaram Prezidentimiz tashabbuslari bilan maxsus taʼlim va tarbiya maskanlari davlatimizning huquq-tartibot organlari tasarrufiga olinib, doimiy eʼtiborda boʻlishi taʼminlanmoqda. Bu albatta doimiy eʼtibor va gʻamxoʻrlikdagi kelajagimiz egalarining ona Vatanga muhabbat ruhida kamol topishlariga xizmat qiladi.
IIV Axborot xizmati