Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari, general-mayor Davron Nazarmuhammedovning Jizzax viloyatidagi oʻrganish ishlari davom etmoqda
2024-03-07 09:00:00 / Yangiliklar
Avval xabar berganimizdek, ayni kunlarda Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari, general-mayor Davron Nazarmuhammedov Jizzax viloyatida oʻrganishlar olib bormoqda.
Jumladan, Sharof Rashidov tumanidagi “Tuyoqli” mahalla fuqarolar yigʻinida boʻlib, yettilik faoliyatini oʻrgandi.
Bu jarayonda mahallada qonunbuzarliklarning oldini olish, jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda aholining turmush madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan tadbirlarga eʼtibor qaratildi.
Shu maʼnoda tomorqalardagi issiqxonalar koʻzdan kechirildi. Vazir oʻrinbosari “Jizzaxlik” mahallasi hududidagi kapital taʼmirdan chiqarilgan 2- sonli IIB binosida xodimlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.
Aytish joiz, zamonaviy mebel va anjomlar bilan taʼminlangan boʻlimda huquqbuzarliklar profilaktikasi, jinoyat qidiruv, migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish, tergov va probatsiya xizmatlari xodimlari uchun qulay xizmat sharoitlari yaratilgan.
Shu bilan birga ushbu binodan tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha 3- sektor shtabi joy olgan.
Shuningdek, vazir oʻrinbosari, general-mayor Davron Nazarmuhammedov Jizzax viloyatida qonunbuzarliklarning oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda sektorlarda ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini ham oʻrganmoqda.
Jumladan, Zarbdor tumani Boʻston shaharchasida joylashgan “Best groop betlis textile Boʼston” korxonasi faoliyati bilan tanishdi.
Maʼlumot oʻrnida aytish kerak, kiyim ishlab chiqarishga ixtisoslashgan mazkur sanoat quvvati 350 ta ish oʻrniga ega boʻlib, har yili 5 million AQSH dollari qiymatidagi mahsulotlar Rossiyaga eksport qilinmoqda.
Vazir oʻrinbosari korxona masʼullari bilan muloqot davomida “Best groop betlis textile Boʼston”ga har tomonlama yordam koʻrsatilishini bildirdi.
Davron Nazarmuhammedov Boʻston shaharchasining “Navroʻz” mahallasida joylashgan “Oltin vodiy” madaniyat saroyida ham boʻldi.
Muassasada mahalla faollari bilan suhbatlashar ekan yettilik faoliyatini qonunbuzarliklarning oldini olish nuqtai nazaridan tahlil qildi.
Jizzax viloyati IIB Axborot xizmati