Ichki ishlar vaziri general-leytenant Poʻlat Bobojonov boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan Sirdaryo viloyatining barcha shahar va tumanlarida oʻrganish ishlari amalga oshirilmoqda
2024-03-06 21:30:00 / Majlislar

Bugungi kunda Prezidentimizning “Yoshlarga eʼtibor” hamda “Inson qadri uchun” ezgu gʻoyalari davlatimiz siyosatining ustuvor yoʻnalishiga aylangan. Inson qadri ulugʻlanayotgan ana shunday tarixiy sharoitda mahallalarimizda tinchlik va osoyishtalikni taʼminlash borasida ichki ishlar organlari tomonidan boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda jamoatchilik vakillari bilan hamkorlikda hududlarda keng koʻlamli vazifalar amalga oshirilmoqda.
Xususan Ichki ishlar vaziri general-leytenant Poʻlat Bobojonov boshchiligidagi ishchi guruh ishtirokida Sirdaryo viloyatning Guliston shahri Ahillik mahallasida joylashgan “Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy huquqiy yordam koʻrsatish markazi” binosining ochilish marosimi oʻtkazildi. Taʼkidlanishicha mazkur Markaz 0,6 gektar hududda joylashgan boʻlib, 26 nafar tarbiyalanuvchilarga moʻljallangan.
Oʻtkazilgan marosimda mahalla faollarning yoshlar tarbiyasiga eʼtibor qaratish, jinoyat qilishga moyilligi bor shaxslar bilan “ijtimoiy profilaktika” tamoyili asosida ishlash boʻyicha “mahalla yettiligi”ning vazifalaridan kelib chiqib, yosh toifasi, ijtimoiy va moddiy ahvolini inobatga olgan holda, ularning har biri bilan alohida ish tashkil etish masalalari koʻrib chiqildi.
Shuningdek, respublika ishchi guruhi tomonidan “qizil hudud” toifasida boʻlib, kriminogen sharoitni yaxshilashga qaratilgan saʼy harakatlar natijasida “yashil hudud” toifasiga oʻtkazilgan Guliston shahridagi “Taraqqiyot” mahallasidagi 5-sonli huquq-tartibot maskani hamda “Bogʻishamol” mahalla fuqarolar yigʻinida oʻrganishlar oʻtkazilgan boʻlib, masʼul rahbarlar va shaxsiy tarkibga aholining ijtimoiy-maishiy muammolarini hal etilishi, kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish, jamoat tartibini saqlash va fuqarolar xavfsizligini taʼminlash boʻyicha ushbu hududlarning ijobiy tajribasi boshqa mahallalarda ham keng qoʻllanilishi haqida tegishli topshiriqlar berildi.
Davlat rahbarining “Voyaga yetmaganlar bilan ijtimoiy-huquqiy ishlash klasteri”ni joriy etishga oid topshiriqlarining ijrosini taʼminlash maqsadida respublika ishchi guruh tomonidan Guliston tumani “Zarbdor” mahallasida joylashgan Yoshlar markazida viloyatda yashovchi yoshlar bilan uchrashuv oʻtkazildi. Unda asosiy eʼtibor ishsiz yoshlarni bandligini taʼminlash, ularning ehtiyojidan kelib chiqib, zaruriy anjomlarni xarid qilishida koʻmaklashish, ijtimoiy sharoiti ogʻir boʻlgan oilalarga ishlab chiqarish yoki tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyish orqali ijtimoiy moslashuvini taʼminlash masalalariga qaratildi.
Sirdaryo viloyatida oʻtkazilgan oʻrganishlar jarayonida respublika ishchi guruhi tomonidan Sayxunobod tumanida joylashgan hamda hozirda hududda yashovchi 6 nafar yoshlarni bandligini taʼminlashga hissa qoʻshayotgan “Farovon” mahallasidagi Kichik sanoat hududida joylashgan “Sayxunobod Farovon tomorqa xizmati” MCHJga qarashli issiqxona, shuningdek 26 nafar yoshlarni ish joyi bilan taʼminlab kelayotgan Baxmalsoy mahallasida joylashgan “OOO Avtodrayver stadi” MCHJ faoliyati bilan tanishildi.
Bunda, soha masʼullari hamda sektor rahbarlari tomonidan yoshlar tomonidan sodir etilayotgan huquqbuzarliklar sabablarini “mahallabay” va “sohabay” muhokama qilish va ularni bartaraf etish borasida vakolatli davlat idoralarining kundalik vazifalarini belgilash zaruriyati uqtirildi, jamoatchilik vakillari va ichki ishlar organlarining bevosita aholi bilan ishlayotgan xizmatlari faoliyatini takomillashtirishga alohida eʼtibor qaratildi.
Tadbir jarayonida asosiy eʼtibor, hamkor tashkilotlar bilan birgalikda mahallarda shaxsiy xonadonlar va jamoat joylarida videokuzatuv qamrovini oshirish, koʻchalarda yoʻl-transport hodisalarining oldini olish, piyodalarga xavfsiz harakatlanish uchun zarur sharoitlarni yaratish hamda mahallarda osoyishtalikni taʼminlash boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlarga qaratilmoqda.
Oʻrganish jarayonida, aniqlangan barcha kamchiliklar soha masʼullari ishtirokida tanqidiy muhokama qilinib, kelgusida xizmat faoliyatini takomillashtirishga oid maqsadli chora-tadbirlar belgilab olindi.
Ishchi guruh aʼzolarining kundalik oʻrganish ishlari davom etmoqda.
IIV Axborot xizmati