Voyaga yetmaganlar oʻrtasida huquqbuzarliklarning oldini olishga barcha birdek masʼul
2024-02-29 01:45:00 / Yangiliklar

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida joriy yilning 20-fevral kuni ijtimoiy himoya sohasidagi ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida joylarda vasiylik va homiylik masalalari, ota-ona qaramogʻidan mahrum bolalar bilan ishlash boʻyicha qator topshiriqlar berilgan edi.
Viloyat hokimligida oʻtkazilgan navbatdagi muhokamada ushbu topshiriqlar ijrosi hamda mazkur yoʻnalishlarda viloyatda olib borilayotgan ishlar, yutuq va kamchiliklar haqida soʻz bordi.
Erkinjon Turdimov rahbarligida oʻtkazilgan tanqidiy, tahliliy muhokamada viloyat boʻyicha 2023-yilda ichki ishlar organlarida 619 nafar voyaga yetmaganlar tomonidan huquqbuzarliklar sodir etilganligi, ularning 69 nafari qizlar deb qayd etilganligi maʼlum qilindi.
Huquqbuzarlik sodir etgan voyaga yetmaganlarning 80 nafari Samarqand shahri, 113 nafari Urgut, 82 nafari Pastdargʻom va 63 nafari Ishtixon tumanlari hisobiga toʻgʻri kelinayotganligi, masʼullar tomonidan yuklatilgan vazifalar ijrosi yetarli darajada olib borilmayotganligi tanqid qilindi. Ushbu hududlar masʼullarining hisoboti tinglandi.
Masʼullar tomonidan tahlillar huquqbuzarlik sodir etgan voyaga yetmaganlarning koʻp qismini oilaviy ajrimlar hamda ota-onalarining chet elga ketgani bois qarovsiz qolgan bolalar tashkil etayotganligini koʻrsatayotganligi bildirildi.
Hududlarda voyaga yetmaganlarning maʼnaviy, axloqiy, huquqiy, estetik, jismoniy, mehnat tarbiyasida ishtirok etish, ularda sogʻlom turmush tarzini shakllantirishga koʻmaklashish, jazoni ijro etish muassasalaridan qaytib kelgan voyaga yetmaganlarning ijtimoiy-pedagogik reabilitatsiya qilinishi va moslashuviga yordam berishga barcha birdek masʼul boʻlishi zarurligi taʼkidlandi
Yakunda masʼullarga voyaga yetmaganlar oʻrtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasi, voyaga yetmaganlarning nazoratsizligi, qarovsizligiga, ular tomonidan huquqbuzarliklar yoki boshqa gʻayriijtimoiy xatti-harakatlar sodir etilishiga imkon beradigan sabablar va shart-sharoitlarni aniqlash hamda bartaraf etishga qaratilgan topshiriq va koʻrsatmalar berildi.
Amalga oshirilgan ishlar, erishilgan natijalar bir oydan soʻng yana tanqidiy ruhda tahlil etilishi belgilandi.
Samarqand viloyati IIB Axborot xizmati