Sohaviy xizmatlarda. Har dam yordamga tayyor
2024-02-26 12:25:00 / Yangiliklar
Jamoat tartibini saqlash, mushkul vaziyatlarda PPX xodimlarining asosiy vazifalari sirasiga kiradi, deydi Andijon viloyati IIB Patrul-post xizmati batalyoni komandiri, podpolkovnik Omadbek Akbarov. Diqqat-eʼtibor va hushyorlik viloyat markazidagi koʻchalar, maydonlar va odamlar gavjum joylarda muvaffaqiyatli xizmat olib borishda har bir xodim uchun zarur boʻlgan xislatlardir.
“Jahon bozori”da viloyat markazidagi “Uygʻurobod” mahallasida yashovchi 40 yoshli K. Otabek bir ayolning choʻntagidan “Samsung A32” smartfonini oʻgʻirlagan. Biroq oʻgʻirlangan buyumdan foydalanish nasib qilmadi. PPX xodimlari, safdorlar Inomiddin Omonov va Husanboy Raimberdiyev tomonidan qoʻlga olingan shaxs Andijon shahri boʻyicha IIOFMBga yetkazildi. Gumon qilinuvchiga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi. Hozirda tergov tadbirlari olib borilmoqda.
2-otryad boʻlinma komandiri, safdor Shukurillo Siddiqov va post xodimi, safdor Yahyobek Xalilov yoʻnalish boʻylab aylanib yurganlarida jinoyat sodir etgani uchun qidiruvda boʻlgan M. Abduqahhorning belgilariga mos keluvchi kishini koʻrib qolishadi va shaxsini aniqlash maqsadida uni qoʻlga olishadi. Tekshiruv paytida osoyishtalik posbonlarining ichki hissi pand bermagani maʼlum boʻldi. Aniqlanishicha, M. Abduqahhor Toshkent shahrida boʻlgan vaqtida Jinoyat kodeksining tegishli moddasida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etgan. Gumon qilinuvchi tergov hibsxonasiga joylashtirildi.
Avtopatrul xodimlari, katta serjant Doniyor Saidov va safdor Sherzodbek Pozilov xizmat vaqtida shubhali bir shaxsni payqab qolishdi. Yigit patrul avtomashinasini koʻriboq, olomon orasiga yashirinishga urindi. Huquq-tartibot idoralari xodimlarining aniq harakatlari tufayli u qoʻlga olindi. Xolislar ishtirokida oʻtkazilgan tintuv chogʻida Izboskan tumanida yashovchi D. Muhammadning choʻntagidan topilgan plastik paket ichida giyohvandlik moddasiga oʻxshash kukun bor edi. Ekspertiza xulosasiga koʻra, paketchada ogʻirligi 11,72 grammlik isteʼmolga tayyor marixuana borligi aniqlandi.
Mazkur holat yuzasidan gumon qilinuvchiga nisbatan Jinoyat kodeksining 276-moddasi ikkinchi qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
— Ishda hamma narsa boʻlishi mumkin, deydi suhbat soʻngida podpolkovnik Omadbek Akbarov. Kasbimiz har qanday holatda ham xotirjamlik va aql bilan ish tutishni taqozo etadi. Biz uchun xotirjamlik fuqarolarimiz orasida ham saqlanib qolishi, ular qadrdon shahrida oʻzini himoyalangan va xavfsiz his qilishi juda muhim. Bularning barchasini aynan biz taʼminlashimiz kerak. Axir xizmatimizni bejiz “kun va tun” xizmati deb atashmaydi.
Boris KLEYMAN. Andijon viloyati. “Postda”