Surxondaryo viloyati IIB boshligʻi Shoʻrchi tumanida alohida toifada turuvchi yoshlar bilan uchrashuv oʻtkazib, ularning muammolarini oʻrgandi
2024-02-12 10:05:00 / Yangiliklar

Kuni kecha Shoʻrchi tumanidagi Shoʻrchi don mahsulotlari masʼuliyati cheklangan jamiyati majlislar zalida Surxondaryo viloyati IIB boshligʻi polkovnik Timur Ismailov tomonidan tumanda qizil toifaga kiritilgan mahallada istiqomat qiluvchi ichki ishlar organlarida alohida toifadagi hamda Probatsiya hisobida turgan yoshlar bilan uchrashuv oʻtkazildi.
Uchrashuvda, tuman hokimi Ulugʻbek Zokirov, sektor rahbarlari, taʼlim muassasa rahbarlari, idora va tashkilotlar, Yoshlar ittifoqi, mahalla yettiligi ishtirok etishdi.
Dastavval, Shoʻrchi tumanida jinoyatchilikning oldini olishga qaratilgan masalalar yuzasidan oʻrganishlar olib borildi.
Tumanning 12 oy yakuni bilan 53 ta mahallaning 13 tasi qizil toifada qolganligi, bundan tashqari, tumanda 5 ta “Bobotogʻ”, “Navroʻz”, “Doʻstlik”, “Bobur” va “Xayrobod” mahallalari oxirgi 3 yildan buyon “qizil” toifada saqlanib qolayotganligi tanqid ostiga olinib, huquqni muhofaza qiluvchi organlarning kelgusida kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish, jinoyat va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish borasida kelgusida amalga oshirilishi lozim boʻlgan chora-tadbirlar taqdimoti bilan tanishildi.
Taqdimotda tuman ichki ishlar boʻlimi tomonidan jinoyatchilikni “mahallabay” jilovlashning yangi tizimi, yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash, hududlarni kameralashtirish ishlari oʻrganildi.
Shundan soʻng, qizil toifadagi 13 ta mahallasida istiqomat qilib kelayotgan yoshlarning muammolari oʻrganilib, murojaatlari qabul qilindi.
Uchrashuv davomida, yoshlar tomonidan uy-joy olish uchun subsidiya ajratish, tadbirkorlik faoliyatlarini yoʻlga qoʻyish va kengaytirish uchun kredit mablagʻlari olish, ishga joylashish, tikuvchilik bilan shugʻullanishlari uchun tikuv mashinkasi, payvandlash jihozlari olishlari, probatsiya nazoratidan muddatidan ilgari ozod qilish va boshqa masalalar yuzasidan murojaatlari tinglanib, ularga ijobiy yechim izlandi.
Oʻz muammoli masalalariga yechim izlab kelgan 188 nafar yoshlarning
68 ga yaqin murojaatlari tinglanib, 24 tasi shu joyning oʻzida ijobiy hal etilgan boʻlsa, 20 nafariga huquqiy tushuntirishlar berildi.
Oʻrganish uchun muddat talab etilgan 12 ta murojaatlarning ijrosi boshqarma boshligʻi tomonidan nazoratga olingan boʻlsa 12 ta murojaat mazmunan koʻrib chiqilish uchun tegishli tashkilot va idoralarga yuborildi.
Shuningdek, uchrashuv davomida, bir nafar fuqaroligi boʻlmagan shaxsga Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligi aks etgan fuqarolik ID-kartasi tantanali ravishda topshirildi.
Yoshlar bilan oʻtkazilgan ushbu uchrashuvdan koʻzlangan asosiy maqsad esa kelgusida ushbu toifadagi yoshlarni maʼnaviy dunyoqarashini mustahkamlash, ularni boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish orqali bandligini taʼminlash, jinoyat va huquqbuzarlik yoʻliga kirishining oldini olishga qaratilgandir.
Surxondaryo viloyati IIB Axborot xizmati