Jinoyat muhokamasi. Hammasiga qarz sabab...mi?
2024-02-11 09:00:00 / Yangiliklar

Sobit (ismlar o‘zgartirildi) va Obidning yoshi o‘rtasida bir muchal farq bor. Ular Obidning tog‘asining to‘yida tanishishdi. Feʼli-tabiati bir-biriga mos tushdimi, ishqilib, ikkalasi qadrdon bo‘lib qoldi.
Shu orada Obid xorijga ishlagani ketdi. Qaytgach, ishlab topgan mablag‘i evaziga uyi taʼmirini boshlash uchun Sobitdan maslahat so‘radi. Qish fasli bo‘lgani uchun taʼmirni bahorda boshlashni maslahat bergan “aka” undan avtomashina sotib olishga sal qiynalayotganini aytib, qarz so‘radi. Tabiiyki, Obid yo‘q demadi, ikki oy muddatga qarz berdi.
Ammo oradan yarim yil vaqt o‘tsa hamki, “aka” turli bahonalar bilan qarzini qaytarishni paysalga soldi. Oxir-oqibat o‘rtada nizo kelib chiqdi. Janjal paytida “uka” “aka”siga og‘ir tan jarohati yetkazdi...
Qarshi shahridagi “Temiryo‘lchilar” madaniyat saroyida ushbu jinoyat muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Unda viloyat hokimligi, ichki ishlar boshqarmasi, Qarshi shahar sektorlari rahbar xodimlari, mahallalar vakillari qatnashdi.
Yig‘ilishda “Geolog” mahallasida sodir etilgan jinoyatning kelib chiqish sabab va omillari, huquqiy oqibati haqida atroflicha so‘z yuritildi.
Mahalla faollari, qarindoshlar va boshqa masʼullarning holat ishtirokchilarining hayoti, turmush tarzi bilan qiziqmagani, loqaydligi jinoyatni yuzaga kelishiga sabab bo‘lgani tanqid qilindi. Holat yuzasidan mutasaddilardan izoh so‘ralib, mahallalarda ishni jonlantirish, xususan,“Geolog” mahalla fuqarolar yig‘ini yettiligi zimmasiga kelgusida bu kabi holatlarning oldini olish borasida aniq vazifalar yuklandi.
Bugun mamlakatimizda jinoyatchilikni “mahallabay” jilovlash, aholining kundalik hayotidan boxabar bo‘lish, ijtimoiy-maishiy muammolarini hal etish bo‘yicha “mahalla yettiligi” tashabbuskorlik ko‘rsatishi turli ko‘ngilsiz holatlarning oldini olishiga xizmat qilishi qayd etildi.
©️ “Postda” gazetasi, Sodiq Rahimov, Qashqadaryo viloyati.