Ichki ishlar vazirligi Akademiyasida ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun navbatdagi press-tur tashkil qilindi
2024-02-09 09:00:00 / Yangiliklar

Tadbirda "Oʻzbekiston-24", “Yoshlar”, “Mening yurtim”, “Zoʻr TV” telekanallari, “Xalq soʻzi”, “Yangi Oʻzbekiston”, “Pravda vostoka” gazetalari hamda Oʻzbekiston milliy axborot agentligi vakillari, shuningdek radio-jurnalist va blogerlar ishtirok etdi.
Press-tur avvalida OAV xodimlariga akademiyaning maqsadi va faoliyati haqida maʼlumot berildi.
Soʻnggi yillarda amalga oshirilgan islohotlar, oʻquv jarayoniga tatbiq qilingan ilgʻor yondashuvlar, ijobiy natijalar taqdimot qilindi.
Shundan soʻng mehmonlar axborot-resurs markazi, oʻquv va amaliy mashgʻulot xonalari, sport seksiyalari, turar joy maskanlarida boʻlib, kursant va tinglovchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar. Professor-oʻqituvchilar va taʼlim oluvchilar bilan muloqot qilib, oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.
Ayniqsa nazariya va amaliyot uygʻunligini taʼminlashga qaratilgan mexanizmlar, oʻquv tergov-tezkor guruhlari faoliyati, zamonaviy kriminalistik laboratoriyalar, xorij tajribasini oʻrganish va yoshlarni yuksak vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga yoʻnaltirilgan tadbirlar jurnalistlarda ulkan taassurot qoldirdi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati