Asosiy kontentga o'tish

Qashqadaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi polkovnik Shuhratjon Satvoldiyev yaqinda jazodan ozod etilgan shaxslarning turmush tarzi, kundalik va maishiy muammolarini hal etish maqsadida ular bilan uchrashdi

2024-01-26 09:00:00 / Yangiliklar

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 4-dekabrdagi “Ozodlikdan mahrum qilish jazosini oʻtayotgan, qilmishiga chin koʻngildan pushaymon boʻlgan va tuzalish yoʻliga qatʼiy oʻtgan bir guruh shaxslarni afv etish toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan, norasmiy radikal oqimlar, din niqobi ostida internetdan foydalanib, taqiqlangan tashkilotlarga aʼzo boʻlib, turli buzgʻunchi yot gʻoyalarni targʻib etuvchi materiallarni tarqatgani uchun jazoni ijro etish muassasalarida jazo muddatini oʻtayotgan bir guruh shaxslar ozod boʻlishgandi.

Qashqadaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi polkovnik Shuhratjon Satvoldiyev yaqinda jazodan ozod etilgan shaxslarning turmush tarzi, kundalik va maishiy muammolarini hal etish maqsadida ular bilan uchrashdi.

Tadbirda bugungi kunda ozod va obod yurtimizda soʻz va eʼtiqod, vijdon erkinligi, huquqlarimiz daxlsizligi taʼminlanganligi qayd etildi.

Davlatimiz tomonidan barcha fuqarolarga, jumladan, jazodan ozod etilgan mahkumlarga gʻamxoʻrlik koʻrsatilayotgani, ularni jamiyatning sogʻlom muhitiga qaytarib, oilasi bagʻrida munosib hayot kechirishi uchun berilgan bu imkoniyatdan unumli foydalanishlari haqida tushunchalar berildi.

Amnistiya aktiga asosan jazodan ozod etilgan shaxslar bilan suhbat davomida ularning bir martalik moddiy yordam puli, tibbiy koʻrikdan oʻtkazilganligi qayd etildi.

Shu bilan birga yashash manzilida doimiy ish bilan taʼminlangani, ijtimoiy va maishiy muammolari oʻrganilib, hal etish choralari koʻrildi. Ular ijtimoiy hayotga moslashishi uchun murabbiylar biriktirildi.

Uchrashuv soʻnggida jazodan ozod etilgan shaxslar mamlakatimizda insonparvarlik va bagʻrikenglik siyosati olib borilayotganligini, buning uchun hukumatimizdan minnatdor ekanliklarini aytib kelgusi hayotini yurt ravnaqi, oilasi farovonligi yoʻlida xizmat qilishga bagʻishlashini bildirishdi.

Qashqadaryo viloyati IIB Axborot xizmati

154

Oxirgi yangilanish: 2024-01-26 13:30:27

Qashqadaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi polkovnik Shuhratjon Satvoldiyev yaqinda jazodan ozod etilgan shaxslarning turmush tarzi, kundalik va maishiy muammolarini hal etish maqsadida ular bilan uchrashdi