Asosiy kontentga o'tish

Yurtini qoʻriqlar yigitning mardi

2024-01-14 13:00:00 / Yangiliklar

Namangan viloyatining Yangiqoʻrgʻon tumanida tugʻilgan Hamidullo professional harbiy xizmatchi boʻlish maqsadida Samarqand oliy harbiy avtomobil qoʻmondonlik-muhandislik bilim yurtida tahsil oldi. Yosh ofitser dastlab 64505-harbiy qismda qoʻriqlash vzvodi komandirining oʻrinbosari lavozimida xizmat faoliyatini boshladi. Bu yerda ustozi, podpolkovnik Husan Qoriyevdan soha sirlarini qunt bilan oʻrgandi. Shuningdek, zimmasidagi vazifalarni bajarishda, buyruq va koʻrsatma talablariga rioya etishda safdoshlariga oʻrnak boʻldi. Kasbiga mehr, burchiga sadoqati tufayli koʻp oʻtmay ijobiy yutuqlarga erishdi.

Oʻziga xos tajriba va mahoratga ega boʻlgan katta leytenant Hamidullo Sultonov keyinchalik IIV Xalqaro aeroportlarda xavfsizlikni taʼminlash boʻyicha qoʻshinlariga qarashli harbiy qismlarda qoʻriqlash vzvodi komandiri, shtab katta ofitseri lavozimlarida samarali xizmat qildi.

Ayni kunda u IIV Xalqaro aeroportlarda xavfsizlikni taʼminlash qoʻshinlariga qarashli 7260-harbiy qismda shtab boshligʻining oʻrinbosari lavozimida xizmatni davom ettirmoqda.

Lavhamiz qahramoni harbiy qismning tajribali murabbiylaridan biri sifatida kichik serjantlar Zuxriddin Zaripov, Azamat Matniyozov, Baxtiyor Nazariyev, III darajali serjant Qayrullo Artiqov singari koʻplab harbiy xizmatchilarga ustozlik qilmoqda.

Har bir oila sogʻlom muhit, mehr va eʼtibor tufayli baxtli koshonaga aylanadi. Bunda oilada farzandlar komil inson boʻlib voyaga yetadi. Hamidullo ham turmush oʻrtogʻi Layloxon bilan tinch-totuv hayot kechirib, farzandlari Malika, Temurbek hamda Solihani chinakam yetuk insonlar etib tarbiyalashga astoydil harakat qilishyapti.

Mayor Hamidullo Sultonov harbiy xizmatchilar oʻrtasida oʻtkazilgan intensiv sinovlardan muvaffaqiyatli oʻtib, “Dovyurak jangchi” nishoni bilan taqdirlangan.

Xudoybergan JABBOROV, oʻz muxbirimiz.

Xorazm viloyati.

170

Oxirgi yangilanish: 2024-01-14 12:46:45

Yurtini qoʻriqlar yigitning mardi