“Otam bilan faxrlanaman”
2024-01-07 12:35:00 / Yangiliklar
![“Otam bilan faxrlanaman”](/_next/image?url=https%3A%2F%2Fapi-portal.gov.uz%2Fuploads%2F7c5f978d-1409-dd84-ae5e-a260dbc623fd_lists_slider_.png&w=3840&q=75)
Bahor kelib, borliq yashillikka burkangan, odamlarga yaxshilik istagan dillar zavqiyob palla edi. Ammo ona tabiatning ana shunday goʻzalligiga qaramasdan, qalbida yovuzlik ungan bir guruh terrorchilar 2004-yilning 28-29-mart kunlari Toshkent shahri va Buxoro viloyatida qoʻporuvchilik harakatlarini amalga oshirgani haligacha vatandoshlarimiz qalbini larzaga soladi.
Manfur kimsalarning jirkanch xatti-harakatlari oqibatida koʻplab begunoh insonlar, alalxusus, yurt ravnaqi va uning tinchlik-xotirjamligi yoʻlida bor kuch-gʻayrati va salohiyatini ayamaydigan zabardast yigitlar ham hayot bilan vidolashdi. Toshkent viloyatining Parkent tumanida dunyoga kelgan militsiya starshinasi Vahobidjon Nuriddinov ham xalq osoyishtaligi yoʻlida jonini nisor etgan mardlardan biri edi.
Safdoshlari bilan Qibray tumanidagi “Qoramurt” blok-postiga xizmatga yuborilgan Toshkent viloyati IIB Yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasi yoʻl-patrul xizmati batalyonining safarbarlik guruhi inspektori poytaxtimizda yuz bergan noxush voqealar bois ancha sezgir va hushyor edi. Transport vositalarini sinchkovlik bilan tekshirayotgan Vahobidjon “Tiko”ning salonini koʻzdan kechirayotib, xavfli qurollar va turli qoʻporuvchilik ashyolarini yashirin ravishda shaharga olib kirayotgan gʻalamislarni aniqlaydi. Siri fosh boʻlganligini sezgan manfur kimsalardan biri zudlik bilan tanasidagi portlovchi moslamani harakatga keltirib yuboradi. Vahobidjon hayotini qurbon qilib boʻlsa-da, katta xatarning oldini olishga munosib hissa qoʻshadi.
Oʻsha mashʼum kunda uydan chiqib ketayotib, negadir oʻychan holatda ortiga qaytdi, deydi turmush oʻrtogʻi Dilorom Nuriddinova. Xuddi koʻngli biror narsani sezgandek, “ota-onam va bolalarimga yaxshilab qara” degancha, xizmatga otlandi. Oʻsha tobda farzandlarimning otasini oxirgi marta koʻrayotganligim hecham xayolimga kelmagan edi.
Oʻz burchiga sodiq qolgan, ona Vataniga, xalqiga mehr-muhabbat va sadoqat bilan xizmat qilgan mard oʻgʻlonning oʻlimi oʻzi tugʻilib oʻsgan butun Nomdanak qishlogʻi uchun ogʻir judolik boʻldi. Barcha yosh-u qari koʻziga yosh olib, unga aza tutishdi.
Bu foniy dunyoda sirdosh doʻstingdan ajralishdan kattaroq fojia boʻlmasa kerak, deydi Vahobidjonning tengdoshi Zoir Temirboyev. Uning hayotlik chogʻlarida erishgan yutuq va muvaffaqiyatlari biz uchun ibrat boʻlib qoldi.
Vafotidan soʻng mamlakatimiz Prezidentining farmoniga binoan, “Jasorat” medali bilan mukofotlangan Vahobidjon Nuriddinovning sharafli kasbini oʻgʻli davom ettirmoqda. Hozirda Toshkent viloyati IIBB JXX YHXB videokuzatuv guruhi inspektori lavozimida xizmat qilayotgan safdor Abrorjon Jumanov otasi bilan haqli ravishda faxrlanishini aytdi.
Men vazirlik va davlatimiz rahbariyatidan behad minnatdorman, deydi Abrorjon. Chunki otamning kasbini egallashim uchun, dastlab, IIV Ixtisoslashtirilgan maktab-internatiga, soʻngra ichki ishlar organlariga imtiyozli ravishda xizmatga qabul qilindim, endilikda Oʻzbekiston milliy universitetida tahsil olish sharafiga muyassar boʻldim.
Kelajakda oliy maʼlumotli ofitser boʻlishni maqsad qilgan A. Jumanov ustozi, isteʼfodagi podpolkovnik Dilshod Yusupovdan sohaga oid bilim va koʻnikmalarni oʻrganib, bugungi kunda ularning barchasini amaliyotda qoʻllab kelmoqda.
Oilada ham oʻz oʻrniga ega boʻlgan Abrorjon turmush oʻrtogʻi Ziyodaxon bilan Amirxon ismli oʻgʻlini tarbiyalab, voyaga yetkazmoqda. Kelajakda u ham otasi va bobosi kabi osoyishtalik posboni boʻlishni niyat qilgan.
Mixli SAFAROV, oʻz muxbirimiz. “Postda”