Qashqadaryo viloyat hokimi profilaktika inspektorlari bilan uchrashdi
2023-12-20 12:15:00 / Yangiliklar
Qashqadaryo viloyati IIBda viloyat hokimi profilaktika inspektorlari bilan uchrashdi. Uchrashuvda muhtaram Prezidentimiz rahbarligida amalga oshirilayotgan islohotlardan koʻzlangan maqsad – yaʼni, xalqni rozi qilish va aholining kundalik va maishiy muammolarini hal etish birinchi darajadagi vazifa ekanligini taʼkidlandi. Bu borada Respublikaning barcha hududlarida jinoyatchilikni “mahallabay” jilovlash, aholining kunlik ijtimoiy-maishiy muammolarini “xonadonbay” va “fuqarobay” hal etish boʻyicha yangicha ishlash tizimi yaratilgan.
Shunga qaramasdan, viloyat hududidagi qizil toifaga tushgan mahallalarda huquqbuzarliklar va jinoyatlarni oldin olishda yetarli darajada ishlar tashkil etilmayotganligi koʻzga tashlanmoqda.
-Viloyat miqyosida “qizil” toifadagi mahallalarning profilaktika inspektorlari ishlasa, hududda jinoyat boʻlmaydi. Xalqni rozi qilishda profilaktika xizmatini oʻrni beqiyos, — dedi viloyat hokimi Murotjon Azimov. — Prezidentimiz ham aynan profilaktikaga eʼtibor berishi bekorga emas. Negaki, har bir maʼlumot birinchi boʻlib profilaktika inspektoriga keladi. Inspektor loqayd boʻlmay uni tekshirishi lozim.
Ushbu mahallalardagi muammolarni “mahallabay” va “xonadonbay” aniqlab, hal etish, huquqbuzarliklarning oldini olish boʻyicha “ijtimoiy profilaktika” tizimini kuchaytirish, tuman-shahar sektor rahbarlari va ularning oʻrinbosarlari, huquq-tartibot idoralari boshliqlari va oʻrinbosarlari “qizil” toifadagi mahallalarga shaxsan masʼul etib biriktirilib, ular har kuni bir soat jinoyatchilikning ahvolini tahlil qilib, tegishli chora-tadbirlarni belgilab, profilaktika inspektorlariga jinoyatlarni oldini olish yuzasidan amaliy yordam koʻrsatish belgilangan.
Ochiq muloqot ruhida kechgan tadbirda kelgusida, ushbu “qizil” toifadagi mahallalarda kriminogen vaziyat barqarorligini taʼminlash, ogʻir va oʻta ogʻir jinoyatlar sodir etilishi oldini olish hamda ushbu mahallalarni qizil toifadan yashil toifadagi mahallaga oʻtkazish maqsadida Jamoatchilik nazorat maskanlarini tashkil etib, IIB, Milliy gvardiya, “Fidokor yoshlar” va boshqa jamoatchilik vakillaridan iborat tungi xizmatni kuchaytirish, yoritilmagan koʻchalar va savdo doʻkonlari atroflariga yorituvchi chiroqlar oʻrnatish, hududlarni kameralashtirish taklifi berildi.
Amalga oshirilayotgan ishlar soniga emas, balki sifatiga eʼtibor bergan holda fuqarolarning muammolarini atroflicha oʻrganib chiqib, ularni mahalla yettiliga toʻgʻri yoʻnaltirib hal etish borasida ishtirokchilarga tegishli tavsiyalar berildi.
Tadbirda viloyatda jinoyatlarni oldini olish, sodir etilganlarini fosh etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar taqdimoti bilan tanishildi.
Qashqadaryo viloyati IIB Axborot xizmati