Qashqadaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasida kriminogen vaziyatni jilovlash, qonunbuzarliklarni oldini olishga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtdi
2025-03-26 00:10:00 / Yangiliklar

Viloyat IIB boshligʻining oʻrinbosarlari, sohaviy xizmatlar hamda Qarshi va Nishon tumanlari IIB boshliqlari, ularning oʻrinbosarlari hamda profilaktika inspektorlari ishtirok etgan yigʻilishda boshqarma boshligʻi polkovnik Abduvoxid Ismoilov kriminogen vaziyatni jilovlash, jinoyatlarni erta aniqlab oldini olish, sodir etilganlarini fosh etish, fuqarolar va jamoat xavfsizligini taʼminlash, davlatimiz rahbarining PQ-1-sonli qarori ijrosi borasida amalga oshirilgan ishlarni tanqidiy tahlil etdi.
Har ikkala tumanlarda qonun ustuvorligini taʼminlash, huquqbuzarliklar va jinoyatlarni erta aniqlab oldini olish, roʻy berganlarini fosh etish borasida amalga oshirilgan ishlar, faoliyatda yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar muhokama qilindi.
Ichki ishlar organlari xodimlari hamkor xizmatlar bilan birga huquq-tartibotni mustahkamlash, jamoat tartibini saqlash, osuda turmushga zamin hozirlashda keng jamoatchilik, ayniqsa, mahalliy hokimliklar, korxona va tashkilotlarning mahalla yettiligi bilan hamkorligini yanada kuchaytirish lozimligi taʼkidlandi.
Ushbu jarayonda “fuqarobay”, “xonadonbay” va “mahallabay” ishlarni jadallashtirish, fuqarolarning kundalik va maishiy muammolarini aniqlab, tezda bartaraf etish, asosiy eʼtiborni fuqarolarning murojaatlarida keltirilgan muammolarga qaratish, aholining eʼtiroziga sabab boʻluvchi holatlarni barvaqt aniqlash va ushbu muammolarni hamkor tashkilotlar bilan birgalikda hal etish bugungi kunning dolzarb masalasi ekanligi ishtirokchilar eʼtiboriga yetkazildi.
Yakunda har ikkala tuman boshliqlari va viloyatdan biriktirilgan masʼul rahbar oldiga xizmat davomida yoʻl qoʻyilgan xato va kamchiliklarni bartaraf etish, PQ-1-sonli qaror boʻyicha ishlarni jadallashtirish hamda kelgusida amalga oshirilishi lozim boʻlgan vazifalar belgilab berilib, masʼuliyati oshirildi.
Yigʻilishda viloyat IIB TQX Kiberxavfsizlik boʻlimi masʼul xodimi ishtirokchilarga kibermakonda sodir etilayotgan jinoyatlar turlari, soxta ilovalar va ulardan saqlanish hamda qonunchilikda belgilangan javobgarlik masalalari borasida atroflicha tushunchalar berdi.
Qashqadaryo viloyati IIB Axborot xizmati