Buxoro viloyati huquqni muhofaza qiluvchi organlari ayol xodimalari oʻrtasida “8 Mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni” bayrami munosabati bilan “Zakovat” intellektual oʻyini oʻtkazildi
2025-03-08 07:30:00 / Yangiliklar

Barchamizga maʼlumki, bahorning ilk bayrami “8 Mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni” yurtimiz boʻylab keng tantana qilinmoqda. Ushbu sana munosabati bilan Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasining tashabbusi va masʼullarning saʼy-harakati bilan viloyat huquqni muhofaza qiluvchi idoralarning ayol xodimalari oʻrtasida “Zakovat” intellektual oʻyinlari tashkillashtirildi.
Bellashuvlarda 9 ta jamoa tarkibida 54 nafar xotin-qizlar ishtirok etib, 4 bosqichdan iborat shartlar asosida musobaqalashishdi. Jarayonda ishtirokchi ayollarimiz oʻzlarining jamoaviy ishlash, tez fikrlash va kreativ yondashuvlarini ham namoyon qilishdi.
Har bir jamoa oʻziga xos mavzular boʻyicha savollarga javob berishdi, shuningdek, ularning umumiy bilim darajasi va intellektual qobiliyatlari sinovdan oʻtkazildi.
Qizgʻin va murosasiz kechgan “Zakovat“ oʻyini natijalariga koʻra, uchinchi oʻrinni, viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi, ikkinchi oʻrinni Davlat xavfsizlik xizmati Buxoro viloyati boshqarmasi jamoalari egallagan boʻlsalar, faxrli birinchi oʻrinni Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi jamoasi qoʻlga kiritdi.
Tadbir yakunida gʻoliblarni taqdirlash marosimi oʻtkazildi. Unda Buxoro viloyati hokimi boshchiligidagi masʼullar ishtirok etib, ayol xodimalarni “8 Mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni” bayrami munosabati bilan samimiy muborakbod etishdi. Gʻolib va sovrindorlarga tashakkurnoma hamda esdalik sovgʻalarini topshirishdi.
Xalqaro xotin-qizlar kuni bayrami oldidan oʻtkazilgan mazkur “Zakovat” intellektual oʻyini huquqni muhofaza qiluvchi organlarda faoliyat olib boruvchi xotin-qizlar uchun katta ilhom manbai boʻlib, ularning bilimlarini va ijtimoiy faolligini yanada oshirishda muhim tadbir boʻldi desak mubolagʻa boʻlmaydi.
Bunday tadbirlar bugungi kunda jamiyatimizda ayollarning oʻrni va rolini oshirishda, ularning mashaqqatli mehnatlarini eʼtirof etish, salohiyatini rivojlantirishda ham katta ahamiyat kasb etadi, albatta.