Toshkent viloyat IIBB Ekspert-kriminalistika markazi xodimlari tomonidan navbatdagi amaliy oʻquv mashgʻuloti oʻtkazildi
2025-03-06 11:10:00 / Yangiliklar

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 8-fevraldagi “Ichki ishlar organlarining ekspert-kriminalistika faoliyatini zamonaviy ilm-fan yutuqlarini keng joriy etgan holda yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, ichki ishlar organlarining ekspert-kriminalistika faoliyatini zamonaviy ilm-fan yutuqlarini keng joriy etgan holda yanada takomillashtirish chora-tadbirlari belgilangan.
Qaror talablari ijrosi doirasida Toshkent viloyat IIBB Ekspert-kriminalistika markazi xodimlari tomonidan akademik litseylari oʻquvchilari bilan muntazam ravishda oʻquv-amaliy mashgʻulotlar oʻtkazib kelinmoqda.
Jumladan, kuni kecha IIV 2-sonli Toshkent akademik litseyida Toshkent viloyati IIBB Ekspert-kriminalistika markazi masʼul xodimlari tomonidan oʻquvchilarga “Hujjatlarni texnik kriminalistik ekspertizasi boʻyicha qalbaki diplom va pullarni aniqlashning maxsus usullari” mavzusida navbatdagi mahorat darsi oʻtkazildi.
Mashgʻulot davomida ichki ishlar tizimida xizmat qilish tartibi, xodimlarning jinoyatchilikni oldini olish boʻyicha amalga oshirayotgan ishlari, ekspert-kriminalistika xizmatining jinoyatlarni ochishda qoʻllayotgan kriminalistik texnikalari va texnik imkoniyatlari haqida batafsil tushuncha berildi.
Shuningdek, voyaga yetmaganlar oʻrtasida sodir etilayotgan jinoyatlar, ularning huquqiy oqibatlari haqida ham maʼlumotlar taqdim etilib, oʻquvchilarning huquqiy savodxonligini oshirishga qaratilgan muhokamalar olib borildi.
Mazkur mahorat darslari oʻquvchilarning nazariy bilimlarini amaliyotda mustahkamlash, huquqiy madaniyatini yuksaltirish hamda kelgusida ichki ishlar organlarida faoliyat yuritish istagida boʻlgan yoshlarga yoʻnalish berishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Toshkent viloyati IIBB Axborot xizmati