Oʻzbekiston Ichki ishlar vazirligi masʼul xodimlarining Shvetsiya Adliya vazirligi vakillari bilan uchrashuvi
2023-12-02 14:40:00 / Yangiliklar

Shvetsiya tomonidan mazkur mamlakat Adliya vazirligi davlat kotibi Anders Xoll va qator tashkilotlar xodimlari ishtirok etdi. Oʻzbekiston tomonidan esa — Ichki ishlar vazirligi Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasi boshligʻi, polkovnik Ulugʻbek Muhamedov va IIV sohaviy xizmatlarining masʼul xodimlari qatnashdi.
U. Muhamedov mehmonlarga IIV Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish xizmati faoliyati, xususan, dunyoning aksariyat davlatlari, jumladan, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari fuqarolari uchun viza tartibi soddalashtirilgani haqida soʻzlab berdi. Uning taʼkidlashicha, Ichki ishlar vazirligi qator idoralar bilan birgalikda uzoq vaqt davomida doimiy yashash joyida boʻlmagan, xorijga oʻqish va ishlash uchun ketgan shaxslarning hisobini yuritadi. Yevropa Ittifoqi mamlakatlari qonunchiligini buzish holatlarining oldini olish maqsadida ushbu shaxslar va ularning yaqin qarindoshlari bilan roʻyxatdan oʻtish va qabul qiluvchi davlatning migratsiya organlariga xabar berish zarurligi toʻgʻrisida profilaktik suhbatlar oʻtkazilmoqda.
Ularga ushbu davlatlarda qonuniy boʻlish toʻgʻrisidagi qonunchilik va qoidalar boʻyicha tushunchalar berish zarurligi taʼkidlab oʻtildi.
Qayd etilishicha, Oʻzbekiston Respublikasiga qaytish uchun guvohnoma berish jarayoni vakolatli organlar tomonidan elektron dastur orqali amalga oshiriladi va koʻp vaqt talab qilmaydi.
U. Muhamedov shuningdek, EURLO (Yevropadan immigratsiya boʻyicha aloqa xodimlari tarmogʻi) bilan hamkorlik qilgan yillar davomida Ichki ishlar vazirligi Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasi va Yevropa Ittifoqining (xususan, migratsiya xizmatlari va Shvetsiya politsiyasi) respublika fuqaroligini belgilash boʻyicha 71 ta murojaatni koʻrib chiqqanligini taʼkidladi, 180 nafar vatandoshimiz Oʻzbekistonga qaytarildi.
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari tomonidan sodir etilishi mumkin boʻlgan jinoyatlarni oldini olish va nazorat qilish boʻyicha hamkorlikni mustahkamlash muhimligini taʼkidlab oʻtdi. Oʻz navbatida, A. Xoll Shvetsiya tomoni bu boradagi hamkorlikni kengaytirish tarafdori ekanini taʼkidladi. Shvetsiyada noqonuniy migratsiyaga qarshi kurash boʻyicha asosiy organ Adliya vazirligi boʻlib, uning tarkibida Adliya boshqarmasi, Ichki ishlar boshqarmasi va Migratsiya boshqarmasi boʻlimi mavjud.
Xorijiy maʼlumotlarga koʻra, hozirda Shvetsiyada 20-30 ming nafar oʻzbekistonlik noqonuniy muhojirlar bor. Shu munosabat bilan Oʻzbekiston tomoni bilan readmissiya toʻgʻrisida bitim tuzishdan manfaatdorlik bildirildi va ushbu shartnomani tuzishda Oʻzbekiston koʻrsatgan tashabbus uchun minnatdorlik bildirdi.
Shvetsiyaning Turkiyadagi elchisi T. Danestad kelishuv loyihasi yaqin kunlarda diplomatik kanallar orqali Oʻzbekiston tomoniga ishlab chiqish uchun yuborilishini taʼkidladi.
Anders Xoll mazmunli suhbat uchun Ichki ishlar vazirligi xodimlariga minnatdorchilik bildirib, bunday uchrashuvlarning oʻtkazilishi birgalikda kurashda hamkorlikni kengaytirishga xizmat qilishini taʼkidladi.
U. Muhamedov, oʻz navbatida, Ichki ishlar vazirligi vakolatlari doirasida Shvetsiya tomoni bilan hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlash boʻyicha zarur chora-tadbirlarni koʻrishga tayyorligini bildirdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi