Jinoyatchilikning oldini olishdagi ilgʻor tajribalar muhokama markazida boʻldi
2023-12-02 14:00:00 / Yangiliklar

Anjuman Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati, vazirlik va idoralar vakillari, shuningdek yurtimiz va xorijning bir qator yetakchi oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Akademiya boshligʻining oʻrinbosari, polkovnik Ruftullo Nigmatov ilmiy-amaliy anjumanning maqsad va vazifalariga toʻxtalib, bugungi globallashuv sharoitida terrorizm, ekstremizm va giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasi, jinoiy yoʻl bilan topilgan mulklarni legallashtirish, korrupsiya, odam savdosi va kiberjinoyatchilik kabi jinoyatlar davlatlar va butun insoniyatning xavfsizligiga tahdid solayotgani davlatlarning bu sohadagi hamkorligini yanada kengaytirish zaruratini keltirib chiqarayotganiga eʼtibor qaratdi.
Onlayn va oflayn formatda tashkil etilgan mazkur anjumanda, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari boʻyicha vakili (Bolalar ombudsmani) Raxmonova Surayyo Maxmudovna, soʻz olib, mamlakatimizda voyaga yetmaganlar (bolalar)ga nisbatan zoʻravonlikning turli koʻrinishlariga qarshi kurashishning huquqiy mexanizmlari toʻgʻrisida toʻxtalib oʻtdi. Asosiy maʼruzachilar qatorida Rossiya Federatsiyasi, Turkiya, Tojikiston, Qozogʻiston va Qirgʻiz Respublikasi hamda Oʻzbekiston huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari, taʼlim muassasalari vakillarining maʼruzalari tinglandi.
Kunning ikkinchi yarmida xalqaro anjuman ishi sessiyalarga boʻlingan holda davom ettirildi. Xalqaro va mahalliy ekspertlar tomonidan “Xalqaro jinoyat qonunchiligi – transmilliy jinoyatchilikka qarshi kurashishning vositasi sifatida”, “Yuridik shaxslarning jinoiy javobgarligi: nazariy-huquqiy tartibga solish va huquqni qoʻllash amaliyoti masalalari”, “Jamoat tartibi va xavfsizligini taʼminlashda sunʼiy intellektdan foydalanish”, “Ichki ishlar organlarining terrorizmga qarshi kurashish faoliyatining dolzarb yoʻnalishlari”, “Maishiy zoʻravonlikni oldini olishning psixologik va huquqiy jihatlari”, “Kiber jinoyatchilikning turlari va uning oldini olish masalalari” kabi mavzular doirasida fikr-mulohazalar bildirildi.
Jinoyatchilikning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasidagi ilgʻor tajribalariga qaratilgan qator taklif hamda tavsiyalar ishlab chiqildi. Bu borada konferensiya yakunlariga bagʻishlangan ilmiy maqolalar toʻplamini chop etishga kelishib olindi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati