Konstitutsiya — taraqqiyot kafolati: Goʻyoki yoʻlchi yulduz
2023-12-02 11:00:00 / Yangiliklar

Joriy yilning 30-aprelida oʻtkazilgan umumxalq referendumi asosida qabul qilingan yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz respublikamiz taraqqiyotini taʼminlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoyalash, yurtdoshlarimizning turmush sharoitini yaxshilashga qaratilgan huquqiy meʼyor va tamoyillarni mujassam etgani bois har bir oʻzbekistonlik uchun qadrlidir.
Bosh qomusimizga kiritilgan mamlakatimizning ijtimoiy davlat sifatida eʼtirof etilishi aholining moddiy sharoitini yaxshilashga qaratilgan islohotlar izchil davom ettirilishiga ishoradir. Inson va davlat organlarining oʻzaro munosabatlarida yuzaga keladigan qonunchilikdagi barcha ziddiyatlar va noaniqliklar inson foydasiga talqin etilishi hamda qonunni buzgan holda olingan dalillardan odil sudlovni amalga oshirish chogʻida foydalanishga yoʻl qoʻyilmasligiga oid moddalar esa sud-huquq tizimi xatosi ortidan kimdir jabr chekishi ehtimolini kamaytiradi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish va yerni xususiylashtirishga doir yangilanishlar boʻlsa mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirish, ular faoliyatiga aralashuvni cheklash, sogʻlom raqobat muhitini yuzaga keltirish hamda bozor mexanizmlarini keng joriy etishga xizmat qiladi. Shuningdek, ommaviy axborot vositalarining erkinligi, sudyalarning vakolatlari, xalq deputatlari mahalliy kengashlari bilan bogʻliq oʻzgarishlar demokratik jarayonlarning jadallashuvini taʼminlaydi.
Qisqasi, Konstitutsiyamizda milliy qonunchiligimizga asos boʻlgulik hamma jihatlar mavjud. Bu huquqiy hujjat xalqimizning orzu-niyatlarini toʻlaqonli aks ettiradi, jinsi, eʼtiqodi, millatidan qatʼi nazar har bir yurtdoshimizning qonun oldidagi tengligini kafolatlaydi. Zero, Bosh qonunimiz taraqqiyot sari eltuvchi, har bir qalbni yoritguvchi yoʻlchi yulduzdir.
Ikrom ABDULAHADOV, kapitan.
Jizzax viloyati.