Respublika ishchi guruhi Samarqand viloyatidagi manzil koloniyalarida qishloq xoʻjaligi faoliyatini oʻrganishdi
2023-12-02 10:00:00 / Yangiliklar

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida yer resurslaridan oqilona foydalanish va yer hisobini yuritish masalalari yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida berilgan topshiriqlar ijrosini taʼminlash maqsadida Ichki ishlar vazirining topshirigʻiga asosan respublika ishchi guruhi Samarqand viloyatidagi manzil koloniyalarning qishloq xoʻjaligi faoliyati va dala yer maydonlaridan foydalanishi yuzasidan oʻrganishlar olib bordi.
Jumladan, respublika ishchi guruhi rahbari, IIV Tashkiliy departamenti boshqarma boshligʻining oʻrinbosari polkovnik N.Qayumov,
3-mintaqaviy muvofiqlashtirish markazi boshligʻi vazifasini bajaruvchi podpolkovnik I.Xatamov, Pastdargʻom tuman hokimining qishloq va suv xoʻjaligi masalalari boʻyicha oʻrinbosari M.Turdiniyozov, tuman IIB boshligʻi oʻrinbosari podpolkovnik E.Yusupov, tuman kadastr boʻlimi mutaxassisi Sh.Jumaboyevlar ishtirokida Pastdargʻom tumanidagi 37-son manzil koloniyasining dala yer maydonlari joyiga chiqqan holda oʻrganilib, yerlarda hosildorlikni oshirish maqsadida zarur bilimga ega agronom xodimlarni qishloq xoʻjaligiga jalb etish, boʻsh yerlarni ikkilamchi ijaraga berish, asalarichilikni rivojlantirish, tikuvchilik sexini kengaytirish va mahkuma xotin-qizlarni ish bilan taʼminlash, suv tanqisligi yuqori boʻlgan yer maydonlariga qoʻshimcha suv nasoslari oʻrnatish lozimligi koʻrsatib oʻtildi.
Oʻrganishlar davomida, Samarqand shahridagi 38-son manzil koloniyasida uzum koʻchatini yetishtirish, parrandachilikni joriy etish, issiqxona tashkil etish, rotan toʻqish va matras tikish sexlarini takomillashtirish, mahkumlar uchun yangi ish oʻrinlari yaratish, ijaraga olingan yerlarni shudgorlash boʻyicha koʻrsatma berildi.
Shuningdek, viloyatdagi manzil koloniyalariga tegishli yaylov yerlarda chorvachilikni rivojlantirish, goʻsht va sut mahsulotlari yetishtirish, qishloq xoʻjaligida suvdan oqilona foydalanish maqsadida ekinlarni tomchilatib sugʻorishga bosqichma-bosqich oʻtkazish, sabzavot ekinlari ekish hajmini oshirish, boʻsh turgan yerlarni shudgor qilish, agrotexnikalarni doimiy ravishda ishchi holatda boʻlishini taʼminlash topshiriqlari berildi.