Yoshlar Vatan himoyasiga tayyorlanmoqda
2025-03-02 13:00:00 / Yangiliklar

Ichki ishlar vazirligining akademik litseylari, Nukus “Temurbeklar maktabi” hamda ixtisoslashtirilgan maktab-internatida yoshlarni vatanparvarlik, jasurlik va jismoniy chiniqish ruhida tarbiyalashga katta eʼtibor qaratilmoqda.
Bu maqsadda 2024-yil 28-fevral – 1-mart kunlari Ichki ishlar vazirligining “JAR” sport-sogʻlomlashtirish majmuasida “Jangovar tayyorgarlik boʻyicha koʻrgazmali chiqishlar” koʻrik-tanlovi oʻtkazildi.
Musobaqa davomida ishtirokchilar jamoat tartibini saqlash va jinoyatchilikka qarshi kurashishga oid amaliy koʻnikmalarini namoyish etishdi. Ular qurol va qurolsiz jang qilish, himoya va hujum usullari boʻyicha bellashib, oʻz mahoratlarini sinovdan oʻtkazdilar.
Bu tanlov oʻquvchilarga kelgusidagi xizmat faoliyati uchun zarur boʻlgan jangovar malaka va koʻnikmalarni mustahkamlash imkonini yaratishi bilan ahamiyatli boʻldi.
Tadbirda Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari, general-mayor Davron Nazarmuxamedov soʻzga chiqib, ushbu musobaqalarning asosiy maqsadi yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning jismoniy va jangovar faolligini oshirish ekanligini taʼkidladi.
Shuningdek, bu borada davlat tomonidan barcha zarur shart-sharoitlar yaratilgani, yoshlar esa oʻz navbatida turli sport musobaqalari va tanlovlarda yuksak natijalarni qayd etib kelayotgani faxr bilan qayd etildi.
Koʻrik-tanlov yakunida bir qator gʻoliblar aniqlandi. “Eng yaxshi jamoa murabbiysi” nominatsiyasida Namangan akademik litseyi murabbiysi gʻolib boʻldi. “Eng faol jamoa rahbari” deb Surxondaryo akademik litseyi rahbari topildi.
Qoraqalpoq akademik litseyi hamda 1-sonli Toshkent akademik litseyi oʻquvchilari esa “Eng yaxshi qiz va oʻgʻil bola ishtirokchi” nominatsiyalarida zafar quchishdi.
Umumjamoa hisobida Buxoro akademik litseyi jamoasi uchinchi oʻrinni, Jizzax akademik litseyi jamoasi ikkinchi oʻrinni egalladi. Kuchli raqobat va yuqori mahorat bilan oʻtgan musobaqada Andijon akademik litseyi jamoasi barcha ishtirokchilardan ustun kelib, uchinchi bor ketma-ket kubok sohibi boʻldi.
Gʻoliblar diplom va qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlandi. Ushbu tanlov nafaqat jismoniy tayyorgarlikni mustahkamlash, balki yoshlarning Vatanga muhabbatini oshirish, sadoqatli va jasur kadrlarni tayyorlashga xizmat qiladi.