Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasida Ramazon oyi davrida jamoat xavfsizligini taʼminlashga doir vazifalar yuzasidan tezkor yigʻilish oʻtkazildi
2025-03-02 09:00:00 / Yangiliklar

Videokonferensaloqa tizimi asosida oʻtkazilgan yigʻilishda Viloyat hokimligi, viloyat prokuraturasi, Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar, Milliy gvardiya, Favqulodda vaziyatlar va Soliq boshqarmalari rahbariyati, barcha huquqni muhofaza qiluvchi organlar masʼullari va boshqa taalluqli idoralar mutasaddilari, hududiy studiyalardan ham shahar tumanlar huquq-tartibot organlari va boshqa tashkilotlar mutasaddilari ishtirok etishdi.
Yigʻilishni ochib bergan, Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi polkovnik Ikromjon Tursunov soʻzga chiqib, “Ramazon” oyi boshlanishi munosabati bilan hududlarda jamoat tartibi, fuqarolar xavfsizligini taʼminlash borasida ishlab chiqilgan chora tadbirlar rejasi bilan yigʻilganlarni tanishtirib, mazkur tadbirlarni yuqori saviyada oʻtkazish, ijtimoiy-siyosiy vaziyatga salbiy taʼsir koʻrsatuvchi omillar va fuqarolarning murojaatlari bilan ishlash masalalariga alohida eʼtibor qaratish lozimligini taʼkidlab oʻtdi.
Shuningdek, viloyat huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbarlari tomonidan “Ramazon” oyida barcha shahar-tumanlardagi masjidlarda jamoat tartibini saqlash, fuqarolar xavfsizligini taʼminlash, transport vositalarining tirbandligini oldini olish, yongʻinga qarshi texnika vositalarini yana bir bor koʻrikdan oʻtkazish boʻyicha masʼullarning zimmasiga aniq vazifalar yuklatildi.
Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati