Jizzax viloyati Zomin tumanida “Yangi Oʻzbekistonning vatanparvar ayollari” shiori ostida ichki ishlar organlari xotin-qizlarining IV Respublika forumi oʻtkazildi
2025-02-28 20:55:00 / Yangiliklar

Ichki ishlar organlarida xizmat qilayotgan xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash, ularni ijtimoiy, iqtisodiy va kasbiy faolligini yanada oshirish, ijodiy va intellektual salohiyatini namoyon etish, zamon talablari asosida har qanday shart-sharoitlarda ona Vatan va xalq manfaatlari yoʻlida xizmat qiladigan professional xodimalar sifatida tarbiyalash maqsad qilingan mazkur tadbir Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 21-dekabrdagi “Oilalarni mustahkamlash va xotin-qizlarning faolligini oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” qarori asosida tashkil qilindi.
Forum doirasida “Eng yaxshi kitobxon ayol xodim” tanlovining final bosqichi oʻtkazildi. Qatnashchilar 3 ta, badiiy asarlar bilimdoni, zukkolik bahsi hamda men sevgan adib shartlarini bajarish orqali kitobxon ekanliklarini koʻrsatishdi. Yakuniy natijalarga koʻra 1-oʻrinni Toshkent shahar IIBB Olmazor tumani boʻyicha IIOFMB 4-son IIB HPB xotin-qizlar masalalari boʻyicha inspektori, katta leytenant Onorxol Ismoilova, 2-oʻrinni Andijon viloyati IIB EKM katta eksperti, katta leytenant Dilbarxon Umarova, 3-oʻrinni Samarqand viloyati Samarqand shahar IIOFMB 4-son IIB HPB xotin-qizlar masalalari boʻyicha inspektori, leytenant Zumrad Ibodullayeva hamda Jizzax viloyati Arnasoiy tumani IIB JXX HPB xotin-qizlar masalalari boʻyicha katta inspektori, leytenant Xusniya Umrzoqova egalladi. Xuddi shunday, “Zakovat” intellektual oʻyinining final bosqichi ham boʻlib oʻtdi.
Qizgʻin va murosasiz kechgan mazkur zukkolar bahsida soha malikalari bor bilim va iqtidorlarini namoyish etishib, gʻoliblik uchun kurashishdi. Yakunda 18 ta jamoa ichida 1-oʻrinni Buxoro viloyati IIB jamoasi egalladi. 2-oʻrinni IIV hamda 3-oʻrinni Toshkent shahri IIBB xotin-qizlari qoʻlga kiritishdi.
Bundan tashqari “Fidoyi ayol” koʻrik-tanlovining yakuniy bosqichi gʻoliblari ham aniqlandi. Tanlovda soha xodimlari 1000 metr masofaga yugurish, kompleks mashqlarni bajarish, qurolni toʻliqsiz qismlarga ajratish va yigʻish, elektron tirda oʻq otish shartlari boʻyicha bellashishdi. Shuningdek, test savollariga javob berishdi. Natijalarga koʻra 1-oʻrinni IIV moliya va moddiy texnika taʼminoti departamenti kapital qurilish va taʼmirlash boshqarmasi marketing va tanlovlarni tashkil etish boʻlimi boshligʻi, mayor Irina Yakubova egalladi. 2-oʻrinni Jizzax viloyati Jizzax shahar IIB JXX HPG XQMB katta inspektori, katta leytenant Kamola Qilicheva hamda 3-oʻrinni IIV JIED 1-mintaqaviy hudud 7-sonli JIE koloniyasi ishlab chiqarish buxgalteri, katta serjant Zarina Saidaliyeva qoʻlga kiritdi.
Forum ishtirokchilarining mazmunli dam olishiga ham eʼtibor qaratildi. Shu maʼnoda viloyat hududidagi arxeologiya, arxitektura, monumental sanʼat yodgorliklari, madaniy meros obyektlariga sayohat uyushtirildi. “Zomin” turistik rekreatsion zonasida sayyohlar uchun yaratilgan qulayliklar bilan tanishgan mehmonlarda, ayniqsa amfiteatr, tabiiy sharshara, dor yoʻli va baxt koʻprigi orqali hududning soʻlim manzarasidan bahramand boʻlishdi. Shu qatorda Jizzax viloyati IIB tarixi muzeyi, atoqli davlat arbobi va yozuvchi Sharof Rashidov uy-muzeyi, Jizzax viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyining Hamid Olimjon va Zulfiya filiali, Xoʻjamushkent ota ziyoratgohi ishtirokchilarning viloyatning tarixi va buguni, aholi turmush tarzi haqidagi tasavvurlarini boyitdi.
Ichki ishlar organlarida xizmat qilayotgan xotin-qizlar Zomin tumani ichki ishlar boshqarmasi xavfsiz turizmni taʼminlash boʻlimining maʼmuriy binosida yuzaga keltirilgan sharoitlar bilan tanishishdi. Shu yerda ular uchun seminar-trening tashkil qilindi. Tadbirda Jizzax viloyatida davlatimiz rahbarining joriy yil 3-yanvardagi “2025-yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori asosida olib borilayotgan va erishilgan natijalar tahlil qilindi.
Shuningdek, davlat va jamoat tashkilotlari mutaxassislarining gender tenglik, huquqbuzarliklarning oldini olish, farzand tarbiyasiga oid mavzulardagi maʼruzalari tinglandi.
Ichki ishlar organlari xotin-qizlarining IV Respublika forumi doirasida Zomin tumanida uchrashuv ham oʻtkazildi. Tuman markazidagi Yoshlar markazida oʻtgan tadbirda Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari, general-mayor Davron Nazarmuhamedov, Oila va gender tadqiqot instituti rahbari Nodira Egamberdiyeva, Jizzax viloyati IIB boshligʻi, general-mayor Gʻayrat Qodirovlar soʻzga chiqishdi. Shuningdek, “Zakovat”, intellektual oʻyini, “Eng yaxshi kitobxon xodim”, “Fidoyi ayol” koʻrik tanlov gʻoliblari taqdirlandi.
Shu kuni bir guruh xotin-qizlarga kredit, ssuda ajratilganligi haqidagi sertifikatlar, faxriy mehmonlarga Ichki ishlar vazirligining esdalik sovgʻalari topshirildi. Forum 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni bayram tadbiriga ulandi. Badiiy dastur avvalida ichki ishlar organlari xodimalari bayram bilan qutlanib, ularga sovgʻalar topshirildi. Tantanaga IIV Madaniyat saroyi ashula va raqs ansamblining diltortar qoʻshiqlari koʻtarinkilik baxsh etdi.
Jizzax viloyati IIB Axborot xizmati