Kasb fidoyisi. Qirq yildirki, xalq xizmatida
2025-02-28 14:35:00 / Yangiliklar

Inson qaysi kasbda ishlashidan qatʼiy nazar, oʻz kasbiga mehr berib, vazifasiga masʼuliyat bilan yondashsa, undan qadr topishi turgan gap. Jamiyatimizning turli sohalarida mehnat qilayotganlar orasida bundaylar koʻplab topiladi. Qoraqalpogʻiston Respublikasi IIV Tibbiyot boʻlimi shifokori Joldas Saburovni ulardan biri sifatida keltirish mumkin.
Chunki, u 40 yildan ortiq davr mobaynida tibbiyot sohasida faoliyat olib borib, aholi salomatligini asrashda bor kuch va bilimini ayamayapti. Bemorlar dardiga malham boʻlishi orqali ularning olqishiga sazovor boʻlib kelmoqda. Asli nukuslik boʻlgan lavhamiz qahramoni oʻrta maktabni tugatganidan soʻng, Andijon davlat tibbiyot institutining davolash fakultetiga oʻqishga kiradi.
- Xalqimizda «Oʻgʻil otaga tortadi» degan gap bor. Otam Yusup Saburov 1942-yili Toʻrtkoʻl tumanidagi feldsherlik boʻyicha tayyorlov kursda oʻqiganidan soʻng, urushga olib ketiladi. Gʻalabani Berlin shahrida kutib oladi. Urushdan keyin yana ikki yil harbiy xizmatda boʻlib, 1947-yilda oʻzi tugʻilib oʻsgan joyga qaytib keladi. Bir necha yil davomida kolxozda ishlab, soʻngra, ToshMIga oʻqishga topshiradi. 1956-yilda oliygohni bitirib, Qoraqalpogʻistonda tibbiyot sohasida faoliyat olib boradi. Koʻp yillik mehnatlari inobatga olinib, unga «Qoraqalpogʻiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan sogʻliqni saqlash xodimi» unvoni beriladi. Onamiz Zulayha Paloʻanova hamshira boʻlib ishlagan. Shu boisdan oilamizdagi 4 nafar farzandning uchtasi tibbiyot sohasini tanlagan. Shular qatorida men ham», — deydi J.Saburov.
U 1985-yilda tibbiyot institutini tamomlab kelganidan soʻng, ilk faoliyatini Nukus shahridagi 3-sonli poliklinikada uchastka shifokori boʻlib ishlashdan boshlaydi. Shundan soʻng O.Xalmuratov nomidagi 1-son Respublika shifoxonasi terapevt shifokori, Allergologiya boʻlimi katta ordinatori, keyinchalik kardiologiya, endokrinologiya, tez tibbiy yordam boʻlimlarida turli lavozimlarda xizmat olib boradi. Shu bilan birga, koʻp yillik tajribaga ega xodim sifatida tan olinib, Nukus shahridagi Tibbiyot kolleji, Vrachlar malakasini oshirish markazida oʻqituvchilik ham qiladi.
2003-yilda Qoraqalpogʻiston Respublikasi IIV Tibbiyot boʻlimi boshligʻi, podpolkovnik Berdibay Qurbanovning taklifiga koʻra, vazirlik tarkibida yangidan tashkil etilgan Davolash va sogʻlomlashtirish markaziga ishga qabul qilinadi. Bu yerda markaz faoliyatini yangidan tashkil etish, ilgari boʻlmagan fizioterapiya, manual terapiya, igna terapiya kabi muolaja turlarini joriy etishda faol ishtirok etadi. Xastalik bilan kelgan bemorlarni davolab, ularning ishonchini qozonishga muvaffaq boʻladi.
- Sir emaski, ichki ishlar organlari xodimlari xizmat taqozosiga koʻra kun-u tun ishlashga toʻgʻri keladigan paytlari koʻp boʻladi. Shu boisdan ular sogʻligʻiga eʼtibor qaratishga unchalik ham vaqt topavermaydi. Albatta, sogʻliq mustahkamligi samarali xizmat qilishdagi asosiy omildir. Shuni inobatga olgan holda tibbiyot boʻlimi tomonidan joylarda maslahat yigʻilishlari, uchrashuvlar oʻtkazib borishni yoʻlga qoʻyganmiz. Mazkur ishlarni tashkil etishda J.Saburov ham malakali shifokor sifatida faol ishtirok etib kelmoqda», — deydi vazirlik Tibbiyot boʻlimi boshligʻi, podpolkovnik Umid Qurbanbayev.
Maqolamiz qahramonning oilasi toʻgʻrisida toʻxtaladigan boʻlsak, u turmush oʻrtogʻi Gulbahor Sodiqova bilan 6 nafar farzandni tarbiyalab voyaga yetkazgan. Kenja qizi Aqsungul ota kasbini davom ettirib, hozirda Tibbiyot institutida tahsil olmoqda.
Yuqorida taʼkidlaganimizdek, kasbidan qadr topgan inson J.Saburov koʻp yillik xizmati va boy tajribasi tufayli koʻpchilik uchun namuna boʻlishga arziydi.
Azamat Pirniyazov, oʻz muxbirimiz. “Postda”
Qoraqalpogʻiston Respublikasi