Bolalar oʻrtasida kiberjinoyatchilik xavfining oldini olish boʻyicha targʻibot ishlari olib borilmoqda
2025-02-28 11:30:00 / Yangiliklar

Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Tezkor-qidiruv departamenti (TQD) Kiberxavfsizlik markazi tomonidan maktab oʻquvchilarini kiberjinoyatlardan ogohlantirish va ularning raqamli makondagi xavfsizligini taʼminlash maqsadida navbatdagi targʻibot tadbiri oʻtkazildi. Tadbir Toshkent shahri, Yunusobod tumanidagi bir qator umumtaʼlim maktablari oʻqituvchi va oʻquvchilari ishtirokida boʻlib oʻtdi.
Mazkur tadbirda mutaxassislar “Bolalar va oʻsmirlarning kibermakondagi xavfsizligi” mavzusida maʼruza oʻqib, zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanishda ehtiyot boʻlish lozimligi haqida batafsil tushuntirish berdi. Jumladan, kiberbulling (internetdagi tahqirlash va zoʻravonlik), shaxsiy maʼlumotlar xavfsizligi, onlayn qimor va tavakkalchilikka asoslangan oʻyinlarning salbiy oqibatlari kabi dolzarb mavzular yoritildi.
Tadbir davomida ishtirokchilar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi hamda baʼzi oʻquvchilar real hayotda duch kelgan kiberhodisalar haqida soʻzlab berishdi. Mutaxassislar esa bunday vaziyatlarda qanday harakat qilish, kiberjinoyatlarga qarshi qanday choralar koʻrish kerakligi boʻyicha amaliy tavsiyalar berishdi.
Shuningdek, tadbir yakunida oʻquvchilar uchun internet xavfsizligi boʻyicha eslatmalar tarqatilib, ularga kiberjinoyatlardan himoyalanish yoʻllari haqida vizual materiallar namoyish etildi. Bunday tadbirlar kelgusida ham muntazam ravishda oʻtkazilishi rejalashtirilgan boʻlib, ular bolalarning raqamli makondagi xavfsizligini taʼminlashga yordam beradi.
IIV Tezkor-qidiruv departamenti Kiberxavfsizlik markazi