Toshkent shahar IIBB boshligʻining navbatdagi qabuli boʻlib oʻtdi
2023-11-30 11:00:00 / Yangiliklar
Kuni kecha poytaxt IIBB boshligʻi general-mayor Aziz Tashpulatov Olmazor tumanida navbatdagi fuqarolarning sayyor qabulini oʻtkazdi. Qabulda tuman hokimi Azizxon Umarxanov, tegishli tashkilot va hududiy boʻlinmalar masʼul xodimlari ishtirok etdi.
Mazkur qabulda “Ayollar daftari”da turuvchi 5 nafar xotin-qizlarga subsidiya asosida tikuv mashinalari va overlog, “Yoshlar daftari”da turuvchi 2 nafar yoshlarga oʻzini-oʻzi band qilish uchun noutbuk, 3 nafar yoshga oliy taʼlim muassasalarining kontrakt toʻlovining muayyan qismi hamda “Temir daftar”da roʻyxatda turuvchi 2 nafar fuqaroga salomatligini tiklashi uchun sertifikatlar topshirildi.
Ochiq muloqot tarzida oʻtgan qabulda 50 nafarga yaqin fuqarolar ishtirok etib, ulardan sogʻligʻini tiklash uchun yoʻllanma, moddiy yordam, probatsiya nazoratidagi shaxslarni ozod etish uchun sudlarga taqdimnoma kiritish, oʻzini oʻzi band qilishi uchun ish qurollari, tadbirkorlik qilish uchun subsidiya ajratish kabi muammolari boʻyicha murojaatlari tinglandi.
Eʼtiborlisi, har bir murojaat bosh boshqarma boshligʻi va mutasaddilar ishtirokida koʻrib chiqilib, 22 ta masala joyida ijobiy hal etildi. Qolgan 16 ta murojaatning ijrosi muddat talab qilgani sababli sohaviy xizmatlarga yuklatilib, nazoratga olindi.
9 nafar fuqaroga esa huquqiy tushuntirish berildi. Bu kabi sayyor qabullar poytaxtimiz tumanlarida davom etmoqda.
Toshkent shahar IIBB Axborot xizmati