Respublika ishchi guruhining Qashqadaryo viloyatidagi manzil koloniyalarida qishloq xoʻjaligi faoliyati oʻrganildi
2023-11-28 22:00:00 / Yangiliklar
Joriy yilning 21-noyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida yer resurslaridan oqilona foydalanish va yer hisobini yuritish masalalari yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida berilgan topshiriqlar ijrosini taʼminlash maqsadida Ichki ishlar vazirining topshirigʻiga asosan respublika ishchi guruhi Qashqadaryo viloyatidagi manzil koloniyalarning qishloq xoʻjaligi faoliyati, mavjud yerlardan foydalanish boʻyicha oʻrganishlar olib bordi.
Xususan, Qamashi tumanidagi 34-son manzil koloniyasining dala yer maydonlarida mutaxassis agronomlarni jalb qilish orqali qishloq xoʻjaligi tarmoqlarida hosildorlikni va daromadni koʻpaytirish, yangi ish oʻrinlarini yaratish, chorvachilikni kengaytirish, sugʻoriladigan yer maydonlarini suv bilan taʼminlashdagi muammolar muhokama qilindi.
Shuningdek, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida Qamashi tumanidagi 1-umumiy oʻrta taʼlim maktabida 200 dona archa daraxti ekildi.
Shuningdek, ishchi guruh tomonidan Muborak tumanidagi 33-son manzil koloniyasi hamda Qarshi shahridagi 35-son manzil koloniyasining dala yer maydonlari hududiy IIB, hokimlik va kadastr boʻlimi xodimlari ishtirokida oʻrganilib, mavjud suv lotoklarini taʼmirlab, suvdan oqilona foydalanish, mahkumlarni ish bilan taʼminlash, bu borada aniqlangan kamchiliklar va muammolar muhokama qilindi.
Shuningdek, viloyatdagi manzil koloniyalariga tegishli dala yer maydonlarini oʻrganish davomida bugungi kunda foydalanilmay turgan yerlarni fuqarolarga ijaraga berish, yaylov yerlarda chorvachilikni yanada rivojlantirish orqali goʻsht va sut mahsulotlari yetishtirish hissasini oshirish, parrandachilikni kengaytirish, qishloq xoʻjaligida suvdan oqilona foydalanish maqsadida yer ostidan suv qazib chiqarish, zamonaviy kichik suv hovuzlari tashkil qilish, ekinlarni tomchilab sugʻorishni jadallashtirish, plyonka ostida parnik tashkil qilib, sabzavot ekinlari ekishni joriy etish, qarovsiz turgan yerlarni shudgor qilib, kelasi yilda foydalanishga tayyorlash, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida hududlarga daraxtlar ekish boʻyicha topshiriqlar berildi.