Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish institutida jinoyat ishlari boʻyicha Bektemir tuman sudi tergov sudyasi Faxriyor Pulatov ishtirokida seminar-uchrashuv tashkil etildi
2025-02-26 11:15:00 / Yangiliklar

Tadbirda, tergov sudyasi F. Pulatov soʻzga chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 10-iyundagi “Tezkor-qidiruv hamda tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni mazmun-mohiyatini yetkazdi. Mazkur Farmonga koʻra, 2025-yil 1-yanvardan boshlab jinoyat ishlari boʻyicha tuman, shahar sudlarida alohida sudyalar – tergov sudyalari faoliyat koʻrsatishni boshlaganligini maʼlum qildi.
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 28-yanvardagi “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim hujjatlariga shaxsning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi OʻRQ–1022-son Qonunining mazmun-mohiyati bilan shu qonun asosida ishni sudga qadar yuritish ustidan sud nazorati tergov sudyalari tomonidan amalga oshirilishi va tergov sudyasining vakolatlari Jinoyat-protsessual kodeksining 311-moddasi bilan belgilanganligi haqida tushuntirildi.
Bundan tashqari, tergov sudyasini joriy qilishdan maqsad, tezkor-qidiruv hamda tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini samarali himoya qilish ekanligi, tergov sudyasining vakolatlari, qonun buzilishi holatlarini oldini olish yuzasidan maʼlumotlar berildi.
Shundan soʻng, tadbir davomida mamlakatimizda sud-huquq sohasida olib borilayotgan islohotlar borasida fikr-mulohazalar bildirdilar.
IIV Malaka oshirish instituti Matbuot xizmati