Fidoyi xodimlar. Yutuqlar kaliti
2025-02-23 13:45:00 / Yangiliklar

Bulungʻur tumani «Navbahor» mahallasi profilaktika katta inspektori, mayor Gʻayrat Urakov, oʻttiz yildirki, ichki ishlar organlarida xizmat qilib kelmoqda. Uning xizmat hududidagi 945 ta oilada 3749 nafar aholi istiqomat qiladi. Mahalla ayni paytda «yashil» toifada. Bu, albatta, mahalla yettiligining yaʼni, profilaktika inspektoridan to mahalla raisi Duvon Sulaymonovgacha barchaning hamjihatlikdagi mehnati sharofatidan.
Yurtimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarning zamirida xalqni rozi qilishdek maqsad bor, deydi mayor Gʻayrat Urakov. Aholi orasiga kirib, odamlarning soʻzlariga quloq tutgan davlat xizmatchisi bu vazifani uddalay oladi. Biz ham koʻpincha xizmat hududidagi muammolarni mahalla raisi, faollar bilan birgalikda atroflicha oʻrganib, keyin fikrlashib yechim topamiz. Chunki muammo shu yerdami, unga yetaklovchi omillar ham tabiiyki shu mahallaning oʻzida boʻladi. Mahalla ahli, odamlar buni yaxshi biladi. Shu maʼnoda, profilaktika inspektorining eng yaqin yordamchisi xizmat hududidagi aholidir.
Uzoq yillik faoliyati davomida yetarlicha tajriba toʻplagan qahramonimiz oʻziga biriktirilgan hudud aholisi bilan yaxshi tillashadi. Shu bois boʻlsa kerak, mahalladagi katta-yu kichik uni oʻziga yaqin tutib, «Oʻzimizning Gʻayrat aka», deyishadi. Aytgancha, lavhamiz qahramoni ota kasbini tanlab, uning duosini olib, elning mehrini qozonganlardan.
Qoʻriqlash xizmatida starshina boʻlib oʻttiz yilga yaqin ishlaganman, deydi Xalil ota Urakov. Shu kasbim orqasidan ayolim bilan toʻqqiz farzandni tarbiyaladik, elga qoʻshdik. Besh oʻgʻlim orasidan Gʻayratjon bolaligidan mening kasbimga mehr qoʻydi. Azbaroyi qiziqqanidan ishxonamga ergashib borgan paytlari koʻp boʻlgan. Keyinchalik boʻyi boʻyim bilan tenglashib, kasbimning davomchisi boʻldi. Oʻgʻlimning orqasidan faqat rahmat eshitdim. Bundan ikki yil avval viloyat hokimi qoʻlidan «Shuhrat» medalini olganida, quvonchim ichimga sigʻmadi.
Qahramonimiz mehr qoʻygan kasbining oʻziga xos jihatlarini ilk bora otasidan, keyinchalik ustozlari isteʼfodagi podpolkovnik Mirzaqayum Yaxshiboyev, podpolkovnik Bahodir Bahromovdan oʻrgangan. Hozirda oʻzi ham yosh xodimlarga ustozlik qilmoqda. U zimmasidagi xizmat vazifalarini toʻkis bajarishga harakat qilayotgan kapitanlar Temur Hayitov, Abduvali Qudratov singari jonkuyar shogirdlari bilan faxrlanadi.
Yutuqlar kaliti fidoyilikda deb bilgan mayor Gʻayrat Urakov oilasida ayoli pedagog Zulxumor Urakova bilan toʻrt nafar farzandni tarbiya qilmoqda. Toʻngʻichi qizi Nilufarxon, oʻrtanchasi Irodaxon boʻlgʻusi pedagog, oʻgʻli Temurjon Toshkent davlat transport universiteti talabasi.
Niginaxon esa xorijiy til yoʻnalishida oliy dargohga oʻqishga kirish niyatida tayyorlanmoqda.
Otasiga munosib izdosh, namunali xizmati bilan yoshlarga oʻrnak xodim, baxtiyor oila boshligʻi, hayot yoʻlida hamisha ismiga xos gʻayrat bilan odimlayotgan lavhamiz qahramoniga havas qilsa arziydi.
Gulnoza Turgʻunboyeva, oʻz muxbirimiz. “Postda”
Samarqand viloyati