Ichki ishlar vazirligiga qarashli “Jar” sport-sogʻlomlashtirish majmuasida voleybol boʻyicha erkaklar jamoalari oʻrtasida Oʻzbekiston chempionatining tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi
2025-02-22 21:00:00 / Yangiliklar

Mamlakat miqyosidagi yilning ilk nufuzli voleybol musobaqasining tantanali ochilish marosimida Ichki ishlar vaziri, Oʻzbekiston voleybol federatsiyasi raisi Poʻlat Bobojonov, Sport vaziri oʻrinbosari Shaxrulla Mahmudov, Milliy olimpiya qoʻmitasi bosh kotibi Oybek Qosimov, Toshkent shahar hokimi oʻrinbosari Dildora Rahimova, Rossiya Federatsiyasi voleybol federatsiyasi vakillari, mamlakatimizdagi daxldor tashkilot mutasaddilari ishtirok etdilar.
Tadbirda soʻzga chiqqanlar yurtimizda ommaviy sportni rivojlantirish, iqtidorli sportchilarni saralash tizimini yangi bosqichga olib chiqish ustuvor vazifa ekanligini taʼkidlashdi. Oʻtkazilayotgan Oʻzbekiston chempionati ayni maqsadlarga xizmat qilishi eʼtirof etilib, musobaqada qatnashayotgan barcha jamoalarga omad tilashdi.
Aytish lozim, mamlakat chempionati uchta turdan iborat boʻlib, uning bu yilgi 1-tur oʻyinlarida har yilgidan koʻp jamoa ishtirok etmoqda.
Toshkentdagi “Jar” sport majmuasida hamda Toshkent transport universiteti sport majmualarida oʻtkazilayotgan chempionat bahslarida mamlakatimizning turli hududlaridan 20 ta jamoa gʻoliblik uchun kurash olib bormoqda.
Musobaqalarni kuzatib borish, mahoratli sportchilarni aniqlash maqsadida Oʻzbekiston voleybol federatsiyasi tomonidan tajribali murabbiylar, xorijlik mutaxassislardan iborat trenerlar shtabi tashkil etilgan. Ularga bellashuvlarni yuqori saviyada tashkil etish hamda xalqaro musobaqalarda vatanimiz sharafini himoya qiladigan terma jamoalarga zaxira sportchilarni tanlash kabi vazifalar belgilangan.
Shu oʻrinda barcha ishtirokchilarga kelajakda Vatanimiz bayrogʻini dunyo arenalarida yuqori choʻqqilarga koʻtarish nasib etishini tilaymiz. Mazkur chempionat bahslari joriy yilning 26-fevral kuniga qadar davom etadi.
IIV Axborot xizmati