Biz giyohvandlikka qarshimiz. Ogʻu girdobiga tushmang
2025-02-22 22:00:00 / Yangiliklar

Giyohvandlikka qarshi kurashish maqsadida 1-fevraldan 1-martga qadar mamlakatimizda “Yoshlar orasida giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar tarqalishining oldini olish” kompleks tezkor profilaktik tadbirlar oyligi oʻtkazilmoqda. Navoiy viloyatida ham oylik doirasida yoshlar ishtirokida targʻibot-tashviqot va nazorat tadbirlari tashkil etilmoqda.
Ana shunday targʻibot tadbirlaridan birida IIV Tezkor qidiruv departamenti masʼul xodimi, polkovnik Ahmadjon Matlyubov ishtirokida viloyatda joylashgan oliy taʼlim muassasalari talaba yoshlari hamda maktab oʻquvchilari bilan giyohvandlikning ayanchli oqibatlari, ularga qaramlik ortidan sodir etilayotgan jinoyatlar haqida suhbat uyushtirildi.
Shuningdek, Navoiy ixtisoslashtirilgan madaniyat maktabining ijodkor yoshlari ishtirokida koʻrik-tanlov oʻtkazilib, mavzuga oid eng yaxshi suratlar mualliflari munosib taqdirlandi.
Tungi xizmatga jalb etiladigan xodimlar bilan yoʻriqnoma oʻtkazilib, hududlarda giyohvandlikka qarshi kurashish boʻyicha targʻibot oʻtkazish, yoshlar bilan alohida suhbatlar olib borish lozimligi taʼkidlandi.
©️ “Postda” gazetasi, Mahliyo Xolova, Navoiy viloyati.