Jinoyatlarni fosh etishda ekspert-kriminalistlarning roli: prokuror va tergovchilar uchun maxsus oʻquv mashgʻulotlari oʻtkazildi
2025-02-19 17:10:00 / Yangiliklar

Dunyoda roʻy berayotgan oʻzgarishlar, voqea hodisalar, ilm-fan yangiliklari jadal surʼatlar bilan hayotimizga kirib kelmoqda. Zamon bilan hamnafas yurish, oʻzgarishlarning foydali va samarali tomonlariga eʼtibor berish, oʻzlashtirish, hayotga unumli tatbiq etish har bir sohaning jadallashuvi va rivojiga turtki bermoqda. Shu jihatdan yurtimizda tinchlik-osoyishtalikni taʼminlash, jinoyatchilikka qarshi kurash, jamiyat, inson haq-huquqlariga tajovuz va tahdidlarning oldini olish ichki ishlar hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlarning asosiy vazifalaridir.
Sodir etilgan jinoyatlarning “issiq izida” ochilishida ekspert-kriminalistlarning bilimi, tajribasi va savodxonligi katta ahamiyatga ega. Mazkur soha vakillarining malakasini muntazam ravishda oshirib borish, ilgʻor texnologiyalarni sohaga tatbiq etish, ular imkoniyatlaridan samarali foydalanish borasida rejali tartibda oʻquv mashgʻulotlari oʻtkazish yoʻlga qoʻyilgan.
Kuni kecha Toshkent shahar IIBB Ekspert-kriminalistika markazi katta eksperti S.Lankin hamda ekspert R.Gulmirzayevlar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi prokuratura organlari tergovchilari va prokuror-kriminalistlarning malakasini oshirish boʻyicha navbatdagi oʻquv mashgʻulotlari oʻtkazildi.
Mashgʻulotning mavzusi “Qotillik va boshqa jinoyatlar, oʻz joniga qasd-suiqasd qilish hodisalari boʻyicha hodisa joyini koʻzdan kechirish, dalillarni toʻplash va qayd etish, tintuv va boshqa harakatlarni oʻtkazish usullari” ga bagʻishlanib, videoselektor-onlayn tarzda tashkillashtirildi.
Unda Oʻzbekiston Respublikasi harbiy prokuraturasi tergovchilari va prokuror- kriminalistlariga jinoyat sodir etilgan joyni koʻzdan kechirishning bosqichlari, jinoyatning sodir etilish jarayonlarini, harakatlarni “sahnalashtirish” (inssenirovka), hodisa joyidagi vaziyatni oʻrganish va ishning daliliy mohiyatini, jinoyat izlari, jinoyat sodir etish qurollari va boshqa ashyoviy dalillarni aniqlash, qayd etish, olish va qadoqlash va boshqa xatti-harakatlar toʻgʻrisida batafsil maʼlumotlar,tushunchalar berildi.
Shuningdek, oʻquv-mashgʻulot qatnashchilari mavzu yuzasidan oʻzlarini qiziqtirgan koʻplab savollariga toʻlaqonli javoblar olishdi.
Toshkent shahar IIBB Axborot xizmati