Ichki ishlar vazirligi ishchi guruhi tomonidan Fargʻona viloyati hududida huquqni muhofaza qilish organlari bilan hamkorlikda “Tozalash” kompleks tezkor-profilaktik tadbirlari oʻtkazildi
2025-02-15 09:00:00 / Yangiliklar

Avval xabar berganimizdek, Fargʻona viloyatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2025-yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini taʼminlash maqsadida qabul qilingan Ichki ishlar vazirining 47-son Farmoyishiga asosan “Tozalash” kompleks tezkor-profilaktik tadbirlari oʻtkazildi.
Viloyat hududida olib borilgan faol tadbirlar doirasida 86 ta jinoiy 853 ta maʼmuriy jami 939 ta holatlar aniqlandi. 98 nafar shaxslar jinoiy javobgarlikka tortilgan boʻlsa, 889 nafar shaxslarga nisbatan maʼmuriy choralar koʻrildi. 49 ta jinoyatlar fosh etilib, 31 nafar qidiruvdagi shaxslar ushlandi. 1 167 nafar shaxslar rasmiy ogohlantirildi.
Qoʻlga olingan jinoiy guruh va shaxslardan 3 kg 376 gr giyohvandlik vositalari, 2 331 dona kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari, 17 ta noqonuniy qurol, 344 dona tigʻli buyumlar olinib, ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirildi.
Olib borilgan tadbirlar davomida Rishton tumanida yashovchi 1995-yilda tugʻilgan shaxs qoʻlga olindi.
U erkaklar kiyim doʻkoniga kirib, sotib olmoqchi boʻlgan mahsulotlarini nasiyaga berishni talab qilgan. Sotuvchi bunga koʻnmagach, uni shaʼni va qadr qimmatini kamsituvchi soʻzlar bilan haqoratlab, qoʻl-oyoqlari bilan urib doʻpposlagan.
Natijada doʻkon sotuvchisi jarohatlangan. Holat yuzasidan jinoyat kodeksining 277-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, gumonlanuvchiga nisbatan qamoqqa olish tarzida ehtiyot chorasi qoʻllanildi.
Fargʻona tumanida oʻtkazilgan “nazorat ostida olish” tadbiri davomida esa maxsus xaridorga 2.300 AQSH dollari evaziga 500 gramm giyohvandlik moddasini sotayotgan shaxs qoʻlga olindi.
Uning yashash xonadonida keyinchalik sotish maqsadida saqlab kelinayotgan giyohvandlik moddasi olinib, kimyoviy ekspertizaning xulosasiga koʻra, sof ogʻirligi 1 kg 470 gr “marixuana” giyohvandlik vositasi ekanligi aniqlandi.
Oltiariq tumanida olib borilgan tezkor tadbir davomida, noqonuniy elektr energiyasidan foydalanish holatiga chek qoʻyildi. “Qoʻrgʻoncha” mahallasi hududida joylashgan bogʻdorchilik fermer xoʻjaligi tarmoqqa ulanib, elektr energiyasidan noqonuniy foydalangan holda davlatga 1.897.533.734 soʻm miqdorda zarar yetkazganligi aniqlanib, tegishli hujjatlar rasmiylashtirildi.
Yer resurslarini talon-toroj qilish holatlarini oldini olish yuzasidan Uchkoʻprik tumanida oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida, 1968-yilda tugʻilgan shaxs qoʻlga olindi.
U “Kenagas“ mahallasi hududida joylashgan 90 sotix qismi noturar va 1 gektar 60 sotixi davlat zaxirasida boʻlgan jami 2,5 gektar yer maydonini 650.000 AQSH dollariga sotishga kelishib, oldindan 100.000 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Aniqlangan holatlar boʻyicha jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
“Tozalash” kompleks tezkor-profilaktik tadbirlari mamlakatimizning boshqa hududlarida ham davom ettiriladi.