Tergovni bilimdonlar olib boradi. Haqiqat yoʻlidan ogʻishmay
2025-02-13 15:30:00 / Yangiliklar

Viloyat IIB huzuridagi Tergov boshqarmasining oʻta muhim ishlar boʻyicha tergovchisi, kapitan Oybek Allaberdiyev dastlabki muloqotdayoq gumondorning shirinsoʻz bilan har qanday kishining koʻnglini yumshata olishini tushundi. Chunki, ushbu shaxs qilmishlarini shunday xaspoʻshlardiki, jinoyatlaridan bexabar kishining unga rahmi kelishi tayin edi.
Jizzax shahrining «Zargarlik» mahallasida yashovchi N.Z. oʻzi haqida iliq taassurot uygʻotishning uddasidan chiqa biladi. U xushmuomala, dunyoqarashi keng, poytaxtdagi xorijiy oliy oʻquv yurtlaridan birining talabasi. Afsuski, shunday qobiliyatli yigit boylik orttirish ilinjida qator jinoyatlarga qoʻl urgan.
Jumladan, «Oʻratepalik» mahallasidagi binolardan birini ijaraga olib, onasi nomiga sayyohlik xizmatini koʻrsatuvchi MCHJ ochadi. Soʻng ijtimoiy tarmoqda 30 foizlik chegirma bilan, yaʼni 500 AQSH dollariga Umra amalini bajarish uchun joʻnatish toʻgʻrisidagi eʼlonni joylashtirdi. Tabiiyki, bu taklifga qiziqadiganlar topildi.
Xususan, fuqaro D.X. Makka va Madinani ziyorat qilish orzusida 500 AQSH dollarini firibgarga qanday topshirganligini bilmay qoldi. Shu taxlitda N.Z. oʻn nafar fuqarodan jami 98 million 47 ming soʻm olishga erishadi. Tabiiyki, aldangan va kuta-kuta charchagan mijozlar firibgarni bezovta qila boshladilar. Vaziyatdan chiqmoq uchun N.Z. Toshkent viloyatining Zangiota tumanida joylashgan sayyohlik firmasi bilan 10 nafar fuqaroni 13 ming 500 AQSH dollari evaziga Umra safariga joʻnatish boʻyicha shartnoma tuzadi.
Soʻng mazkur sayyohlik firmasi vakiliga 800 AQSH dollarini berib, qolgan mablagʻni ziyoratchilar aeroportda roʻyxatdan oʻtganidan soʻng toʻlashini bildirdi. Sezganingizdek, yigit soʻzida turmadi. Oqibatda 10 nafar ziyoratchining xorijda qiyin vaziyatga tushib qolish xavfi paydo boʻldi. Shu bois jabrlanuvchilarning har biri uchun qarindoshlari yana 1 ming 270 AQSH dollaridan pul toʻlashlariga toʻgʻri keldi...
Tergovchi N.Z.ga yetkazilgan zararni qoplamaydigan boʻlsa, uni ozodlikdan mahrum qilish jazosi kutayotganligini tushuntirdi. Xuddi shunday, gumon qilinuvchining yaqinlari bilan suhbatlashdi. Natijada firibgar oilasiga tegishli qurilishi tugallanmagan hovlini sotib, qarzlaridan qutuldi.
Kapitan Oybek Allaberdiyev shu tarzda jabrlanuvchilarning huquq va manfaatlarini himoyalash hamda jinoyatchiga jazo muqarrarligini taʼminlashga erishmoqda. Joyi kelganda aytish kerak, maqolamiz qahramoni viloyat IIB huzuridagi Tergov boshqarmasining istiqbolli yosh xodimlaridan biri sanaladi.
Oʻtgan qisqa davr ichida oʻzini bilimli, har qanday holatda ham qonuniylik va halollik mezonlariga ogʻishmay amal qiladigan xodim sifatida namoyon eta oldi. Shu boisdan boshqarmaning oʻta muhim ishlar boʻyicha tergovchisi lavozimiga tayinlandi.
Kapitan rahbariyat va ustozlarining ishonchini oqlab, oyiga 3—4 ta jinoyat ishini mukammal darajada koʻrib chiqishning uddasidan chiqayotir.
Aytgancha, maqolamiz qahramoni otasi isteʼfodagi katta serjant Yusuf Xoʻjabekovga havas qilib, ichki ishlar organlari sohasini tanlagan. Koʻrib turganingizdek, ota izidan borayotgan oʻgʻil har jabhada hamkasblariga ibrat boʻlishga intilyapti.
Alijon Abdusattorov, oʻz muxbirimiz. “Postda”
Jizzax viloyati