Respublika ishchi guruhining Navoiy viloyatidagi oʻrganishlari Xatirchi va Qiziltepa tumanlarida davom etmoqda
2025-02-12 20:00:00 / Yangiliklar

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisidagi qarori ijrosini taʼminlash maqsadida mamlakatimizning barcha tuman-shaharlarida keng koʻlamli ishlar olib borilmoqda.
Topshiriqqa asosan Ichki ishlar vaziri general-leytenant Poʻlat Bobojonov boshchiligidagi ishchi guruh Navoiy viloyatida qaror mazmun mohiyatini tushuntirish va belgilangan vazifalarni ijrosini taʼminlash choralarini koʻrmoqda.
Ishchi guruhning oʻrganishlari Xatirchi, Qiziltepa tumanlarida davom etdi. Xatirchi tumanning kriminogen vaziyati ogʻir “Damariq” mahallasida tuman IIB boshligʻining mahallalarda xavfsiz muhitni yaratishning tashkiliy-profilaktik asoslari aks etgan shuningdek, joriy yilning birinchi choragida amalga oshirilishi rejalashtirilgan chora-tadbirlar toʻgʻrisidagi taqdimoti bilan tanishildi.
Unga koʻra tumanda koʻp qavatli uylarga kirish yoʻlaklarida 2 dona “tashvish tugma”lari, eshiklariga 4 dona “domafon” komplekslarini oʻrnatish, 235 ta koʻp qavatli va yakka tartibdagi xonadonlarni, 20 ta savdo va maishiy xizmat koʻrsatish obyektlarini texnik qoʻriqqa olish, mahallalarning kirish va chiqish joylarida 20 dona yuzni tanib oluvchi kameralar oʻrnatilishi hamda 45 ta “Namunaviy xavfsiz koʻcha”, 110 ta “Namunaviy xavfsiz yoʻlaklar” tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Shu yerning oʻzida “qizil” toifadagi Navbahor, Damariq, Farovon MFYlari yettiligi, tuman sektori va aloqador tashkilotlar rahbarlari ishtirokida qaror ijrosini taʼminlash hamda uning mazmun mohiyatini ijrochilarga yetkazish maqsadida yigʻilish tashkil etildi.
Ishchi guruhning Qiziltepa tumanidagi oʻrganishlari “Soʻfiyon” mahalla yettiligi, sektor rahbarlari hamda mutasaddilar bilan uchrashuvdan boshlandi. Jarayonda tuman IIB boshligʻi hamda mazkur mahalla profilaktika inspektorlarining taqdimotlari tinglanib mahallalarda kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish hamda huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimini tashkil etish boʻyicha manzilli chora-tadbirlarning namunaviy “yoʻl xaritasi” bilan tanishildi. Tumandagi “qizil” toifadagi mahallalarni kriminogen vaziyatini barqarorlashtirish maqsadida profilaktika inspektorlariga mahalliy byudjet hisobidan kompyuter jamlanmalari topshirildi.
Mahalla yettiligi va tuman masʼullari bilan oʻtkazilgan uchrashuvlarda qaror talablaridan kelib chiqib mahalla, tuman, viloyat masʼullariga aniq topshiriqlar belgilab berilganligi, ustuvor vazifalarni oʻz vaqtida sifatli bajargan masʼullar ragʻbatlantirilishi, aksincha qaror ijrosini taʼminlashda masʼuliyatsizlik qilgan mutasaddilar jazolanishi taʼkidlab oʻtildi.
Ishchi guruh aʼzolari viloyatning barcha shahar-tumanlarida boʻlib, kriminogen vaziyat ogʻir mahallalarda huquqbuzarliklarga sabab boʻlayotgan omillarni aniqlash va ularni bartaraf etish boʻyicha manzilli oʻrganishlar olib bormoqda.
IIV Axborot xizmati